Forish dashtining kovuli xorijga eksport qilinmoqda
Forish tumanidagi “OʻRMONCHA – CAPERS” mas’uliyati cheklangan jamiyati joriy yilning o‘tgan davrida xorijga 400 ming dollarlik kovul sotdi.
Forish tumanidagi “OʻRMONCHA – CAPERS” mas’uliyati cheklangan jamiyati joriy yilning o‘tgan davrida xorijga 400 ming dollarlik kovul sotdi.
Kovul ildizi baquvvat, suvsizlikka va sovuqqa chidamli ko‘p yillik o‘simlik bo‘lib, o‘n besh yilgacha o‘sib, meva beradi. Tuman hududida ham kovul o‘simligi azaldan tog‘ yonbag‘irlarida, qir-adirlarda, cho‘l hududlarida tabiiy holda o‘sadi.
Ahamiyatlisi, kovul yoz bo‘yi kurtak yozadi. May-iyun oylarida gullaydi, iyul-avgust oylarida mevasi yetiladi. Hali ochilmagan, 10 millimetrdan katta bo‘lmagan dumaloq, qattiq kurtaklari eng xaridorgir mahsulot hisoblanadi.
Hozircha “OʻRMONCHA – CAPERS” mas’uliyati cheklangan jamiyati viloyatda kovul eksporti bilan shug‘ullanuvchi yagona korxona. U o‘tgan yildan boshlab faoliyat yuritib kelayotir.
– Dashtdan gulkurtaklar terib kelingach, korxonamizda mexnazatsiyalashgan uskunalarda saralanib, yuvilib maxsus idishlarga solinib, eksportga tayyorlanadi, – deydi mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Bekmurod G‘opirov. – O‘tgan yili Italiya, Ispaniya, Gresiya, Turkiya kabi davlatlarga 1 million AQSh dollari miqdorida mahsulot eksport qilgan edik. Bu yil ham yil oxirigacha shuncha miqdorda kovul mahsulotini eksport qilishni mo‘ljallab turibmiz
Viloyatda joriy yilning birinchi yarimida 100 dan ortiq eksportyor korxonalar tomonidan jami 29,4 million dollarlik sanoat va meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi.