Fizika fanini o‘qitishda muammo va yechimlar
Navoiy davlat pedagogika instituti hamda “Science and innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida fizika fanini o‘qitishdagi muammo va yechimlarga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda fizika fanini zamonaviy axborot va innovatsion texnologiyalar muhitida o‘qitishning muammo, yechimlarini o‘rganish, talabalarga zamonaviy o‘qitish usullarini tanishtirish, shuningdek, fizika fanining nazariyasi hamda amaliyoti o‘rtasidagi cheklanuvchanliklarni kamaytirish uchun hamkorlikni rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni samarali qo‘llash va o‘qitish usullarini rivojlantirish kabi masalalarda so‘z yuritildi.
– Bugungi kunda pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlashning innovatsion modellarini ishlab chiqish, talabalarning amaliy kompetentligini rivojlantirishning metodik tizimini takomillashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda, – deydi institut rektori Bahodir Sobirov. – Ayniqsa, aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha pedagog kadrlarni tayyorlashda amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim jarayonlariga e’tibor berish, ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash orqali o‘qitish sifati va samaradorligini oshirishning pedagogik mexanizmini takomillashtirish muhim dolzarblik kasb etadi. Ayniqsa, kredit-modul tizimi sharoitida bo‘lajak pedagoglarda mustaqil ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, talabalarda tabiiy-ilmiy savodxonlikni rivojlantirishga tayyorlashning didaktik tizimini takomillashtirish lozim.
Ma’lumki, yurtimizda qabul qilingan ta’lim tizimida akademik litseylarga muhim o‘rin berilgan. Uning o‘quvchilari fanning biror yo‘nalishi bo‘yicha chuqur bilim bilan birga, muayyan sohada kasb-hunar malakasini olishi lozim.
[gallery-17090]
– Belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun o‘qitiladigan fanlarning turlari va hajmlaridan tashqari, ularning o‘qitish uslublariga ham katta e’tibor berish kerak, – deydi O‘zbekiston Milliy universiteti professori, pedagogika fanlari doktori Mirzaahmad Qurbonov. – Akademik litseylarning aniq fanlar yo‘nalishi nisbatan boy mazmunga va hajmga ega bo‘lgan umumiy fizika kursini hamda fizikadan maxsus kurslarni o‘qitishni ko‘zda tutadi. Ta’lim yuqoriroq bosqichlarga o‘tgani sari bilimlarning bu ikki turi orasidagi nisbat dinamik uziluvchi yagona axborotning ko‘payishi hisobiga o‘zgara boradi. Fizika chuqurlashtirib o‘qitiladigan akademik litseylarning aniq fanlar yo‘nalishidagi guruhlarida maxsus kursni o‘qitish uchun o‘quv rejada 72 soat ajratilgan. Mana shu soatdan samarali foydalanish maqsadida maxsus kursning o‘quv va ishchi dasturlari davlat ta’lim standartlari asosida tuzildi. Va unga mos holda noan’anaviy tarzda o‘quv adabiyoti ham ishlab chiqildi. Biz taklif qilayotgan maxsus kurs bo‘yicha ilk bor “Lazerlar va ularning amaliyotdagi o‘rni” nomli o‘quv qo‘llanma yaratildi. O‘quv qo‘llanma to‘rt bobdan iborat bo‘lib, u mavjud o‘quv qo‘llanmalardan tuzilishi, mazmun va mohiyati jihatidan farqli ravishda noan’anaviy o‘qitish metodlari asosida yozilgan. Har bir mavzuda yoritilishi lozim bo‘lgan fundamental fizik tushunchalarga alohida urg‘u berilib, ularning glossariylari yaratilgan.
Konferensiyada nafaqat yurtimizdan, balki Hindiston, Malayziya va Xitoy davlatidan ham olimlar ishtirok etishdi.
Konferensiyaga qabul qilingan har bir maqola bir nechta xalqaro bazalarda indekslandi. Jumladan, Polshaning Index Copernicus, Yevropaning Zenodo hamda Open Aire, Rossiyaning Cyberleninka, Angliyaning Europub bazalariga joylashtirildi va Google akademiya ilmiy qidiruv tizimida indekslandi. Maqolalarning xalqaro bazalarda indekslanganligi, avvalo, ulardan dunyoning ko‘plab davlatlaridagi ilmiy tadqiqotchilar foydalanishiga imkon yaratsa, ikkinchidan, institutning xalqaro reytingini, qolaversa, xalqaro hamjamiyatdagi o‘rnini yanada oshirishga zamin yaratadi.
Konferensiyada ishtirokchilar shu’balarga bo‘lingan holda ish olib borishdi. Tadbir so‘nggida fizika fanini o‘qitishda innovatsion texnologiyalarni samarali qo‘llash va o‘qitish usullarini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar belgilanib, xorijiy davlatlar olimlari va mutaxassislari bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov(surat), O‘zA muxbirlari