Fizik olimlarni qanday muammolar qiynayapti?
Fizika fanini o‘rganish ko‘pchilik uchun murakkab tuyuladi. Uncha-muncha o‘quvchiga bu fanni o‘zlashtirish oson kechmaydi. Ammo hayotimizda sodir bo‘ladigan tabiiy hodisalarning asl mohiyati mana shu fan bilan bog‘liq.
Xo‘sh, bugun fizika sohasida izlanish olib borayotgan olimlarni qanday muammolar qiynayapti? Laboratoriyalarda ular uchun zarur sharoitlar yaratilganmi?
Fanlar akademiyasi qoshidagi Yadrofizika instituti ekologiya va biotexnologiya laboratoriyasi mudiri, texnika fanlari doktori Baxtiyor Qurbonov bilan shu haqda fikrlashdik.
— Yadrofizika institutining maqsad hamda vazifalari nimalardan iborat?
— Bizning yadro fizikasi institutining asosiy vazifalari – materiya tuzilishi, atom yadrolari tarkibini chuqur tadqiq etish va ulardan insoniyat manfaati yo‘lida foydalanishdan iborat. Shuningdek, yadro reaksiyalari asosida yangi izotoplar olish, ularni xalq xo‘jaligi tarmoqlari hamda tibbiyotda qo‘llashga erishish ham asosiy vazifalarimizdan biri.
— Keyingi vaqtlarda institut tomonidan qanday yangi tajribalar o‘rganildi?
— bugungi kun uchun dolzarb sanaladigan tajriba va tadqiqotlarimiz ko‘p. Ulardan eng asosiylari – yadro-fizikaviy ishlanmalar asosida inson mikroelementlar statusini baholash uslubiyatini tibbiyotga joriy qilish, ya’ni inson organizmidagi mikroelementlarning taqsimoti qonuniyatlari bo‘yicha inson salomatligiga barvaqt (xasta bo‘lishdan oldin) tashxis qo‘yish. Yana biri funksional oziq-ovqatlar tizimini keng yoyib, mamlakat aholisini sog‘lomlashtirish dasturini qabul qilish.
— Laboratoriyada o‘rganishlar olib borish uchun zarur ilmiy asboblar yetarlimi?
— Yadro fizikasi sohasida tadqiqot ishlari o‘tkazish va yangi natijalarni olish nafaqat olimlarning ilmiy salohiyatiga, balki zamon talabiga javob beradigan ilmiy asboblar, eksperimental bazaga ham bog‘liq. Asbob-uskuna qanchalik zamonaviy bo‘lsa, olimlarning oladigan natijalari, ilmiy ishlanmalari shunchalik yuqori darajada bo‘ladi.
Yadro fizikasi sohasida tajribalar o‘tkazish uchun noyob ilmiy asboblar: yuqori sezgirlikdagi yarim o‘tkazgichli detektorlar, spektrometrlar zarur. Afsuski, ilmiy asboblar bilan institut va laboratoriyalarning ta’minoti zamon talabidan ancha orqada qolmoqda. Ilmiy laboratoriyalar qo‘llayotgan asboblarning yoshi 20-30 yilni tashkil etadi. Rivojlangan mamlakatlardagi ilmiy laboratoriyalar asboblardan uzog‘i bilan 5 yil foydalanishadi. Keyin yangisiga almashtiriladi. Ilmiy salohiyatda bizning hamyurt olimlarimiz chet mamlakatlar olimlaridan hech ham qolishmaydi. Faqat bizning eksperimental bazalarimiz orqaroqda.
— Hech kimga sir emas, keyingi paytlarda fizika, ximiya kabi fanlarga yoshlarning e’tibori ancha susaydi. Maktablardagi laboratoriyalarda o‘rganish olib borish uchun imkoniyatlar yo‘q hisobi. Yoshlarni fizikaga qiziqtirish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?
— Maktablarda fizika faniga o‘quvchilarni qiziqtirish uchun quyidagi ishlarni qilish kerak:
1) Fan yutuqlari bo‘yicha ilmiy-ommabop risola va kitoblarni chop etish;
2) Fizika va texnika yutuqlarini, amaliyotga joriy etilgan ilmiy ishlanmalarni keng targ‘ib qilish. Oliy o‘quv yurtlaridagi fizika laboratoriya jihozlarini yangilash. «Fizika fani qonunlari 100 yilda ham o‘zgarmaydi», degan dogmadan yiroqlashib, zamonaviy laboratoriya asboblari bilan jihozlanishi va bo‘lg‘usi fizika o‘qituvchilari zamonaviy tajriba ishlarini o‘rganib, keyin dars berishga borishlari kerak.
— Agar sizga qaysidir vazirlik tomonidan «Yadro fizika sohasini rivojlantirish uchun qanday amaliy yordam kerak?» degan savol berilsa, nima deb javob bergan bo‘lardingiz?

— Agar shunday mard topilsa, aytadigan fikrimiz: yadro fizika sohasini rivojlantirish uchun:
1) Zamonaviy ilmiy asbob-uskunalar bilan ta’minlash (biz 5 yildan buyon vazirlikka bunday zaruratlar to‘g‘risida murojaat qilamiz, natija yo‘q);
2) Yoshlarni magistraturada tayyorlash dasturini to‘liq qayta ko‘rib chiqish, imkoni bo‘lsa, magistratura ta’limini Fanlar akademiyasi institutlariga topshirish maqsadga muvofiq.
Nigora Rahmonova suhbatlashdi, O‘zA