FISU prezidentiga O‘zbekistonda faxriy professor unvoni topshirildi
Xalqaro universitet sporti federatsiyasi (FISU) rahbarlari O‘zbekistonda muhim tadbir o‘tkazdi. Talabalar sportini rivojlantirishga qaratilgan bu hamkorlik yosh avlod uchun qanday yangi imkoniyatlar ochadi?
Tadbirda Xalqaro universitet sporti federatsiyasi (FISU) prezidenti Leonz Eder, FISU bosh kotibi o‘rinbosari Fernando Silva Parente, Markaziy Osiyo talabalar sporti federatsiyasi rahbari Qayrat Qayrullinovich, Mo‘g‘uliston talabalar sporti federatsiyasi bosh kotibi Jargalsayxan Dorjsuren, Tojikiston talabalar sporti federatsiyasi raisi Shodi Safarov, shuningdek, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov, mamlakat Talabalar sporti assotsiatsiyasi vakillari, mutaxassislar ishtirok etdi.

Uchrashuvda talabalar sportini rivojlantirish, sport sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalar almashish, xalqaro sport infratuzilmasining bugungi holati hamda istiqboldagi yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda Xalqaro universitet sporti federatsiyasi (FISU) o‘rtasida sport bilan bog‘liq akademik va ilmiy-tadqiqot tashabbuslarini ishlab chiqish, “Sog‘lom kampus” dasturi hamda qo‘shaloq karera tashabbuslari orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish yo‘nalishlarini qamrab oladigan hamkorlik memorandumi imzolandi.

FISU prezidenti Leonz Ederga O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining “Faxriy professor” unvoni topshirildi.
Mehmonlar universitet sport majmuasida talabalar ishtirokida tashkil etilgan “Jang san’atlari” festivali hamda boshqa ko‘rgazmali chiqishlarni tomosha qilib, yaratilgan shart-sharoit va ta’lim tizimiga yuqori baho berishdi.

Muzokaralarda xalqaro forum doirasidagi tadbirlar, uchrashuvlar talabalar sportini rivojlantirish, hamkorlikni mustahkamlash hamda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining jahon talabalar sporti hamjamiyatidagi aloqalarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA