Firibgarning rejasi amalga oshmadi
Buxoro shahrida 6 nafar mijozning 838,6 million so‘m va 14 ming 400 AQSH dollarini qo‘lga kiritgan MCHJ rahbari aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro shahar bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Natijada “N.A.” MCHJga shahar hududidan ko‘p xonadonli 7 qavatli turar joy binosini qurishga ruxsat berilgan bo‘lsada, korxona rahbari O‘.Q hech qanday hujjatlarsiz turar joy binosiga qo‘shimcha 8-qavatni quradi. Ushbu xonadonlarni mijozlar nomiga rasmiylashtirib bo‘lmasligini bilsada, 6 nafar fuqaroning 838,6 million so‘m va 14 ming 400 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA