Finlyandiya tajribasi: amaliyot va samara
Navoiy viloyati Navbahor tumani hokimi Azamat O‘roqov viloyat hokimining ta’lim bo‘yicha maslahatchisi, finlyandiyalik Koli Yeva Hanni xonim bilan uchrashdi. Tumanda xorijiy tajribani tatbiq etish masalalari muhokama etildi, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Joriy yilning sentyabr oyidan buyon Xelsinki universiteti professori Koli Yeva Hanni xonim viloyatda ta’lim sifatini oshirish va yaxshilash maqsadida viloyat hokimi maslahatchisi sifatida jalb qilingan. U o‘quvchilarni chet el ta’limi tajribasi asosida o‘qitishni joriy etish maqsadida Finlyandiya modeli asosida hududlardagi 11 ta maktabda pilot loyihasi sifatida ta’lim jarayonini tashkil etmoqda.

bugungi kunda Navoiy viloyatida 363 ta umumta’lim maktablari mavjud bo‘lib, o‘qitish o‘zbek, rus, qoraqalpoq, tojik va qozoq tillarida olib boriladi. 2021/2022 o‘quv yilini tamomlagan 64 foiz maktab bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan bo‘lsa, ularning 2,8 foizi, ya’ni 320 nafari muddatidan oldin talaba bo‘lgan. 2 ming nafardan ortiq o‘quvchilar nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagini bildirgan.

Chet tilini bilish bo‘yicha sertifikatga ega o‘qituvchilar salmog‘i 46 foizdan 73,5 foizga yetdi. Viloyatda umumta’lim muassasalari va rahbarlar o‘rtasida “Ustoz - shogird” an’analarini davom ettirish hamda tajriba almashishni tashkil etish maqsadida Navoiy tajribasi sifatida “50 shogirdga 50 ustoz” loyihasi ishlab chiqilgan. Ta’lim sifati past bo‘lgan maktablar ta’lim sifati yuqori bo‘lgan maktablarga biriktirilgan.

Uchrashuvda tumandagi mavjud maktab rahbarlari ishtirokida seminar tashkil etildi. Unda Koli Yeva Hanni xonim Finlyandiya ta’lim tizimi haqida to‘xtalib o‘tdi va tizimdagi asosiy jihatlar, ularni maktablarga joriy etish mexanizmlari muhokama qilindi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA.