Filipp Diallo Buxoro davlat universitetida bo‘ldi
Buxoro davlat universiteti Fransiya oliy ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Shuningdek, turizm va mehmondo‘stlik yo‘nalishida jahonda 11-o‘rinda, Fransiyada esa 1-o‘rinda turuvchi “Vatel” mehmonxona va va turizm biznes maktabining Markaziy Osiyodagi yagona filiali ham aynan Buxoro davlat universitetida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Universitetning Fransiya bilan aloqalari faqat ta’lim dasturlari bilan cheklanib qolmagan.

Ayni paytda mamlakatimizda futzal bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tayotganidan, o‘yinlarning bir qismi Buxoroda tashkil qilinganidan hammaning xabari bor.
Fransiyaning katta futbol bo‘yicha terma jamoasi 1998 va 2018 yillarda jahon, 1984 va 2000 yillarda Yevropa chempionligini, shuningdek, 1984 yilda Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritgan.

Futzalda esa Fransiya jamoasining hozircha bosh yutug‘i aynan O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan jahon chempionatiga yo‘llanma olganligidir. Fransiya futzal terma jamoasi o‘z tarixida jahon chempionatlaridagi birinchi o‘yinini Buxorodagi Universal sport majmuasida o‘tkazdi.

Tarixiy o‘yindan so‘ng Fransiya futbol federatsiyasi rahbari Filipp Diallo boshchiligidagi delegatsiya Buxoro davlat universitetida bo‘ldi. Delegatsiya tarkibidan federatsiya vakillari, futbolchilarning yaqinlari va ishqibozlar o‘rin olgan. Mehmonlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ko‘plab ishqibozlar ishtirok etdi.
F.Diallo tarixiy o‘yinda jamoani Buxoro davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik izhor etdi. Ilm-fan sohasida olib borilayotgan hamkorlikning mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari