FIFA prezidenti matbuot anjumanida qatnashdi
Xalqaro futbol federatsiyasining global sammit yig‘ilishi joriy yilning 20 dekabrida onlayn tarzda o‘tkaziladi.
Kecha bu haqda FIFA prezidenti Janni Infantino jurnalistlar ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida e’lon qildi.
Anjumanda aytilganidek, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati 2022 yilning ilk oyida Birlashgan Arab Amirligida tashkil etiladi. Uning aniq sanasi bo‘yicha keyinroq ma’lumot tarqatiladi.
“Biz futbolni qanday rivojlantirmoqdamiz va uning kelajagi qanday bo‘lishi haqida o‘ylashimiz kerak. Futbol o‘yinlarining kelgusidagi taqvimi, o‘yinlar jadvali 2023 yildan keyin qay ko‘rinshda bo‘lishi bo‘yicha har bir mamlakatning milliy federatsiyasi o‘z taklifini bildirishi lozim. Barcha fikrlar inobatga olinadi. Sammitda mazkur masalalar muhokama qilinadi”, deya intervyu bergan FIFA prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, Infantino futbol bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati musobaqalarini har to‘rt yilda emas, ikki yil oralig‘ida o‘tkazish taklifini ilgari surgandi. Mutaxassislarning fikricha, ayni jarayon sammitning global masalasi bo‘ladi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA