Fidoyiligi tufayli ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
Tadbirkorlik — bu nafaqat daromad topish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, aholiga xizmat ko‘rsatish, hudud taraqqiyotiga hissa qo‘shish, jamiyat oldidagi mas’uliyatni chuqur his etib mehnat qilish demakdir. Ayniqsa, insonlarning kundalik hayoti bilan bevosita bog‘liq kommunal sohada faoliyat yuritish rahbardan tashabbuskorlik va izlanish bilan bir qatorda yuksak mas’uliyat, sabr-toqat hamda fidoyilikni talab etadi.
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoyishiga muvofiq milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik sohasida ilg‘or tajriba va an’analar maktabini yaratish, ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish, aholi bandligi va farovonligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotgan ana shunday tadbirkorlardan bir guruhi «Faol tadbirkor» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishdi.
E’tirof etilganlar orasida Guliston shahridagi «Istiqlol kommunal xizmat ta’mir» boshqaruv-servis kompaniyasi rahbari Zamira Zulpixarovaning ham borligi uning ko‘p yillik mehnati, sohada to‘plagan tajribasi va aholiga sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish yo‘lidagi tashabbuslariga berilgan munosib baho bo‘ldi.
Muhimi, uning mehnat faoliyati kommunal xizmat sohasi bilan uzviy bog‘liq. U 1996-yilda Guliston shahar uy-joydan foydalanish boshqarmasida dastlab usta, keyin muhandis sifatida ish boshladi. 2000–2016-yillarda «Guliston» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga, 2016–2022-yillarda «Farovon Absolyut ta’mir servis» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga rahbarlik qildi. 2021-yildan buyon esa «Istiqlol kommunal xizmat ta’mir» boshqaruv-servis kompaniyasi rahbari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Zamiraning kasbiy yo‘li oson kechmagan. Ayniqsa, faoliyatining dastlabki yillarida ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalari, eskirgan muhandislik tarmoqlari va avariya holatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq muammolar uning zimmasiga katta mas’uliyat yuklagan.
— Guliston shahar uy-joydan foydalanish boshqarmasida dastlab usta, keyin muhandis bo‘lib ishlaganman. Bu ayniqsa, yosh farzandlari bor ayol uchun oson kechmagan. Ko‘p qavatli uylar, ularning yerto‘lalaridagi muammolar, avariyalarni bartaraf etish bilan bog‘liq holatlar har kuni yangi mas’uliyatni talab qilardi. O‘sha paytda uy-joydan foydalanish boshqarmasida ishlayotgan xodimlar orasida yagona ayol edim. Albatta, qiyinchiliklar bo‘ldi. Ayrim ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalarida eskirgan suv va kanalizatsiya quvurlari sababli tizza barobar, ba’zi joylarda esa bir metrga yaqin suv to‘planib qolardi. Yoqimsiz hid, chivinlar va og‘ir mehnat sharoiti ishni yanada murakkablashtirardi. Shunday paytlarda «Bu ish og‘ir ekan, ayol kishiga to‘g‘ri kelmas ekan», deya chekinib ketmadim. Aksincha, har bir qiyinchilikni tajriba va saboq sifatida qabul qildim. Bugungi natijalarimga sabr-toqat, halol mehnat va o‘z kasbimga sadoqat orqali erishdim, — deydi Zamira Zulfiqorova.
[gallery-30925]
Bu so‘zlar shunchaki o‘tgan kunlar xotirasi emas. Uning bugungi faoliyatiga nazar tashlasangiz, o‘sha yillarda orttirilgan tajriba, matonat va mas’uliyatning samarasini ko‘rish mumkin. Yillar davomida kommunal sohaning eng murakkab jihatlarini amaliyotda o‘rgangan rahbar bugun minglab xonadonlar osoyishtaligi uchun mas’ul jamoaga boshchilik qilmoqda.
Ayni paytda kompaniya ishchi xodimlari Guliston shahrining "Buyuk kelajak", "Obod yurt", "Bo‘ston" , "Bog‘i shamol", "Yangi avlod", "Yangi O‘zbekiston" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 138 ta ko‘p qavatli uyda joylashgan 5 323 ta xonadonga kommunal xizmat ko‘rsatadi. Bu minglab insonlarning kundalik hayoti, xonadonlaridagi osoyishtalik va qulayligi uchun mas’ullik degani. Kompaniyada jami 43 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Ulardan 9 nafari boshqaruv xodimlari, 39 nafari muhandis-texnik yo‘nalishda faoliyat yuritadi. Jamoa 509 ta kirish yo‘lagi, 120 ta yerto‘la hamda umumiy maydoni 23 615 kvadrat metr bo‘lgan tom qismlariga texnik xizmat ko‘rsatmoqda.
Keyingi yillarda ko‘p qavatli uy-joylarni boshqarish tizimida amalga oshirilgan islohotlar sohada yangi ishlash mexanizmlarini shakllantirib, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish uchun imkoniyatlar yaratdi. Prezidentimizning 2021-yil 19-iyundagi «Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori sohada yangi bosqichni boshlab berdi. Ilgarigi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari o‘rnida boshqaruv-servis kompaniyalarining tashkil etilishi ko‘p qavatli uy-joy fondini samarali boshqarish, umumiy mol-mulkni asrash va aholiga xizmatlar sifatini oshirishda muhim omil bo‘ldi. Bu o‘zgarishlar Guliston shahrida ham amaliy samara bermoqda. Boshqaruv-servis kompaniyalari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi natijasida ko‘p qavatli uylarning texnik holatini yaxshilash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash va umumiy hududlarni obodonlashtirishga e’tibor kuchaydi.
Jumladan, «Bo‘ston» mahallasidagi 52 ta ko‘p qavatli uyda 2024–2025-yillar davomida joriy va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 15 ta uyning kirish yo‘laklari ta’mirlandi, 23 ta uyning yerto‘la qismidagi kanalizatsiya tarmoqlari yangilanib, 100 millimetrlik quvurlar o‘rnatildi. Yerto‘lalarda sanitariya holatini yaxshilash maqsadida dezinfeksiya ishlari ham bajarildi. Shuningdek, 12 ta ko‘p qavatli uyning ichimlik suvi tarmoqlari ta’mirlandi, 21 ta yumshoq qoplamali uyning tom qismida joriy ta’mirlash ishlari olib borildi. 4-, 21-, 37-, 38- va 49-uylar atrofidagi piyodalar yo‘laklari hamda kirish qismlarining 2 100 kvadrat metr maydoni beton qoplama bilan qoplandi.
Uy-joylar atrofida xavfsizlik va yoritish sharoitini yaxshilashga ham e’tibor qaratildi. Tungi yoritish chiroqlari, fotorele va kabellar o‘rnatildi. 11 ta ko‘p qavatli uyga 61 dona kuzatuv kamerasi o‘rnatilishi aholi xavfsizligini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi. Bolalar maydonchalarini ta’mirlash va tutash hududlarni obodonlashtirish ishlari ham davom ettirildi. Shu kabi ishlar «Buyuk kelajak» mahallasidagi 38 ta ko‘p qavatli uyda ham amalga oshirildi. 2025-yil davomida bu yerda umumiy qiymati 239 900,0 ming so‘mlik ishlar bajarildi. 10 ta ko‘p qavatli uyda liftlarning muntazam ishlashini ta’minlash va elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarning oldini olish uchun 119,0 mln so‘m to‘lov amalga oshirildi. Yaroqsiz inventarlar yangilandi.
28 ta uyning yerto‘la qismidagi kanalizatsiya tarmoqlari to‘liq yangilanib, 100 millimetrlik quvurlar o‘rnatildi, yerto‘lalarda dezinfeksiya ishlari bajarildi. 9 ta uyning ichimlik suvi tarmoqlarida ta’mirlash ishlari olib borildi. Kirish eshiklari, tungi yoritish tizimi, LED lampalar va kabellar yangilandi. Bolalar maydonchalari ta’mirlanib, tutash hududlar obodonlashtirildi. Bu raqamlar salmoqli. Ammo kommunal sohada har bir raqam ortida insonning kundalik hayoti, xonadon osoyishtaligi va aholi uchun yaratilgan qulaylik turadi. Ta’mirlangan bir quvur bir nechta xonadon tashvishini yengillatsa, obod etilgan yo‘lak o‘nlab oilalar uchun xavfsiz va qulay harakatlanish imkonini beradi. Shu ma’noda, bajarilgan ishning haqiqiy qiymati uning aholi hayotidagi amaliy samarasi bilan belgilanadi.
Aholiga xizmat ko‘rsatishda tezkorlikni ta’minlash maqsadida kompaniyada 24 soatlik navbatchilik va dispetcherlik xizmati tashkil etilgan. So‘nggi bir yilda aholidan tushgan 744 dan ortiq murojaat va chaqiruv o‘z vaqtida ko‘rib chiqilib, yuzaga kelgan kommunal muammolar bartaraf etildi. Bu esa sohada tezkorlik bilan bir qatorda mas’uliyat va aholi murojaatlariga e’tibor muhim o‘rin tutishini ko‘rsatadi.
Ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati aholining kommunal to‘lovlarga munosabatida ham o‘z ifodasini topmoqda. So‘nggi bir yilda uy-joydan foydalanish xizmatlari bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud emas. Bu holat aholi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot o‘rtasidagi o‘zaro ishonch hamda mas’uliyatning muhim ko‘rsatkichidir. Zero, kommunal xizmat tushunchasi faqat quvur, tom yoki yerto‘la bilan cheklanmaydi. Uning zamirida inson uchun munosib yashash muhitini yaratishdek muhim vazifa mujassam. Shu bois ko‘p qavatli uylar atrofini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, piyodalar uchun qulay yo‘laklar barpo etish, bolalar maydonchalarini tartibga keltirish va aholining mazmunli dam olishi uchun sharoit yaratish ishlari ham davom ettirilmoqda.
Zamiraning tashabbusi bilan ko‘p qavatli uylar atrofiga 1,3 ming tup terak, 540 tup archa, 360 tup mevali daraxt, shuningdek, 8,4 ming tup mavsumiy va ko‘p yillik gul ko‘chatlari ekildi. Piyodalar yo‘laklariga 48 ta tungi yoritish chirog‘i va 94 ta o‘rindiq o‘rnatildi. Bolalar maydonchalari ta’mirlanib, aholi uchun yanada fayzli va obod muhit yaratilmoqda.
Guliston shahrining Bo‘ston mahallasida RK–1 va RK–2 zamonaviy qozonxonalarining ishga tushirilishi natijasida o‘nlab ko‘p qavatli uylarni barqaror issiqlik bilan ta’minlash imkoniyati kengaydi. Energiya tejamkor texnologiyalarning joriy etilishi esa tabiiy gaz va elektr quvvatidan samarali foydalanish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.
Bundan besh-olti yil avval shaharning ayrim hududlarida, xususan, 3-, 4- va 5-mikrorayonlardagi ko‘p qavatli uylarning ahvoli ancha murakkab edi. Ichimlik suvi ma’lum vaqtlarda berilar, isitish tizimi bilan bog‘liq muammolar ham aholini qiynab kelardi. Bugun esa vaziyat sezilarli darajada o‘zgardi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi bilan uylarning tom va fasad qismlari, ichki muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bosqichma-bosqich yangilanmoqda.
— Ayniqsa, isitish tizimlarini modernizatsiya qilish, yangi qozonxonalar qurish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish aholi uchun katta qulaylik yaratdi. Bu ishlar nafaqat uylarning tashqi ko‘rinishini yaxshilamoqda, balki xonadonlarda munosib yashash sharoitini ta’minlamoqda, — deydi kompaniya rahbari.
Guliston shahridagi o‘zgarishlar uylarning tashqi qiyofasidagina emas, aholining kundalik hayotida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ilgari oqova suv to‘planib qolgan yerto‘lalar tozalanib, kanalizatsiya tarmoqlari yangilanmoqda, sanitariya holati yaxshilanmoqda. Tomlar va kirish yo‘laklaridagi ta’mirlash ishlari esa xonadonlardagi yashash sharoitini yanada yaxshilamoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil dekabr oyida Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida Guliston shahrining Bo‘ston mahallasida bo‘lib, hududda amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari bilan tanishgani ham bu jarayonlarga yangi sur’at bag‘ishladi.
— Davlatimiz rahbarining mahallamizga tashrifi, aholi kayfiyatiga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Ayniqsa, Prezidentimizning odamlar bilan ochiq muloqot qilib, ularning muammolarini bevosita tinglagani va ularni hal etish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar bergani biz uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu e’tibor va g‘amxo‘rlik mahallamizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga ham yangicha ruh bag‘ishladi, — deydi Zamira.
Uning faoliyatida odamlar bilan muloqot qilish, ularning talab va takliflarini o‘rganish, murojaatlarga e’tibor qaratish alohida o‘rin tutadi. U o‘zi istiqomat qilayotgan mahalla hayotida ham faol ishtirok etib, mahallada o‘tkaziladigan tadbirlar va hasharlarda muntazam qatnashib kelmoqda. Zero, rahbarning haqiqiy bahosi faqat hisobotlardagi raqamlar bilan emas, odamlarning roziligi va ishonchi bilan o‘lchanadi. Zamiraning mehnat faoliyatida esa bu ikki mezon — natija va inson manfaati bir-birini to‘ldirib kelmoqda.
Bir vaqtlar og‘ir sharoitdagi yerto‘lalarda ishlashdan cho‘chimagan, eskirgan quvurlar va murakkab avariya holatlarini bartaraf etish jarayonida tajriba orttirgan ayol bugun minglab xonadonlarga xizmat ko‘rsatadigan jamoaga rahbarlik qilmoqda. Uning bugungi natijalari bir kunda yoki bir yilda qo‘lga kiritilgan emas. Bu — yillar davomidagi mehnat, sabr-toqat, izlanish, mas’uliyat va kasbga sadoqat samarasi.
Shu ma’noda, «Faol tadbirkor» ko‘krak nishoni Zamira Zulpixarovaning mehnati va tashabbuslariga berilgan oddiy mukofot emas. Unda ko‘p yillik mehnatning qadri, odamlar ishonchining e’tirofi va aholiga munosib sharoit yaratish yo‘lidagi sa’y-harakatlarning munosib bahosi mujassam.
Eng asosiysi, Zamira uchun bu mukofot bosib o‘tilgan yo‘lning yakuni emas, balki yangi marralar sari yanada dadil qadam tashlashga undaydigan rag‘batdir. Bu e’tirof unga yangi kuch va ishonch bag‘ishlab, ertangi kunga umid bilan qarash, yangi g‘oya va tashabbuslar bilan mehnat qilish uchun yanada katta rag‘bat bo‘lishi shubhasiz.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat-video), O‘zA