Fidokorona mehnat hech qachon unutilmaydi
Halol va fidokorona mehnat xalqimizda hamisha qadrlangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Marhum Qosimov Rustam Sobirovichni “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilingan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova bir guruh faol ayollar hamrohligida taniqli davlat va jamoat arbobi, olim va pedagog, marhum Rustam Qosimov xonadonida bo‘lib, olimning turmush o‘rtog‘ini ushbu yuksak e’tirof hamda Mustaqillik bayrami bilan qutladi.
Tashrif davomida “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni ustozning umr yo‘ldoshiga topshirildi.
Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Mahkamova ta’kidlaganidek, yurtimizning mustaqilligi va ma’naviy asoslarini mustahkamlash, oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashda qo‘shgan beqiyos xizmatlari bilan ustoz Rustam Qosimovning xotirasi doimo xalqimizning qalbida yashaydi.
Darhaqiqat, el-yurtga keltirilgan naf, yoshlarga sarflangan bilim va tarbiya, Vatan manfaati yo‘lidagi fidokorona mehnat hech qachon unutilmaydi.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri