Festival yoshlarni bir maqsad yo‘lida birlashtirdi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tashabbusi bilan Jizzax viloyati Paxtakor tumani yoshlarini qamrab olgan “Mahalla yoshlar festivali” o‘tkazildi.
Tumanning 3-sektor hududidagi “Bog‘ishamol” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan ushbu festival yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirishga xizmat qildi.
Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizoni harbiy xizmatchilari va mahalladagi faol yoshlar mahalla ko‘chalari bo‘ylab davlatimiz bayrog‘ini mardonavor ko‘tarib saf bilan yurib o‘tdi. Bundan ruhlangan paxtakorliklar tashabbuskorlarga ergashib “Bog‘ishamol” mahallasi markaziga jam bo‘ldi. Festivalda Prezidentimizning joriy yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori va mahalladagi yosh avlod uchun tashkil etilgan festivalning mohiyati va undan ko‘zlangan maqsad, kelgusidagi natijalari haqida so‘z bordi. So‘ng festivalning asosiy qismi harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, qo‘l jangi chiqishlari, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarining xizmat itlari bilan tayyorlangan ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.
Festivalning asosiy qismi harbiy orkestr jamoalarining ona Vatanni ulug‘lovchi, tinchlik kabi tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan kuy-qo‘shiqlariga ulanib ketdi. Keng qamrovda o‘tkazilgan festivalning badiiy qismi har bir yurtdoshimiz qalbida milliy armiyamiz bilan faxrlanish hissini uyg‘otdi. Yuqori kayfiyat va vatanparvarlik tuyg‘ulari bilan boshlangan festival davomida mahalladagi yoshlar o‘rtasida sportning futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat, kompyuter o‘yinlari hamda turli milliy o‘yinlar yig‘ilganlarning diqqat markazida bo‘ldi.
Festival doirasida “Zakovat” aql bellashuvi, “Yosh kitobxon” lar musobaqasi, yosh rassomlar ko‘rik-tanlovi, harbiy orkestr va iqtidorli san’atsevar yoshlar ishtirokida konsert dasturlari namoyish etildi. Yoshlarga unutilmas onlarni taqdim etgan festival yakunida sport bellashuvlari, turli musobaqalar va ko‘rik-tanlovlarda g‘olib, sovrindor va faol ishtirok etgan mahalla yoshlariga diplom, badiiy adabiyotlar va sport anjomlari topshirildi. “Mahalla yoshlar festivali” tadbirda ishtirok etgan 2 ming nafarga yaqin yoshlar va mahalla aholisida katta taassurot qoldirdi. Jizzaxdagi yoshlar festivali viloyatning boshqa tuman va shaharlari, o‘quv muassasalarida davom etmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA