Festival doirasidagi tadbirlar davom etmoqda
Ayni kunlarda Orolbo‘yi hududida «Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!» shiori ostida davom etayotgan an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivalida madaniyat markazlari, muzeylar hamda ta’lim maskanlarida badiiy ko‘rgazmalar, taniqli rassomlar va san’atshunoslar bilan uchrashuvlar va mahorat darslari tashkil etilmoqda.
Festival doirasida Nukus shahridagi I.Saviskiy nomidagi davlat san’at muzeyida taniqli rassom Abdulla Yerimbetovning «Olamni mahliyo aylagan diyor» nomli ko‘rgazmasi hamda «Tasviriy san’atda milliylikning aks etishi» mavzuidagi ilmiy konferensiya tashkil etildi. Unda san’at va madaniyat sohasi vakillari, talaba va o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.
[gallery-2151]
Tadbir ishtirokchilari dastlab rassom Abdulla Yerimbetovning ijodiy ishlari bilan yaqindan tanishdi. Ko‘rgazmada rassomning portret, peyzaj kabi janrlarda yaratilgan 50 dan ortiq asari namoyish etildi.
«Tasviriy san’atda milliylikning aks etishi» mavzuidagi ilmiy konferensiyada esa san’atshunoslarning «Qoraqalpoq rassomlarining asarlarida milliylikning ifodalanishi», «Vatan tuprog‘ida yaralgan badiiy asarlargina boqiydir», «Qoraqalpoq yosh rassomlari» mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA