Festival doirasida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi
ІІІ “Lazgi” xalqaro raqs festivali doirasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi, YUNESKO, TURKSOY xalqaro madaniyat tashkiloti, Xalqaro festivallar direksiyasi, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi hamda Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida xalqaro ilmiy anjuman tashkil etildi.
Anjumanda AQSH, Ozarbayjon, Belarus, Bolgariya, Braziliya, Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Eron, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Malayziya, Misr, Pokiston, Rossiya, Turkiya, Turkmaniston, Fransiya, Shvetsiya, Koreya kabi qator davlatlardan tashrif buyurgan san’atshunos olimlar, xoreografiya sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbirda respublikamiz oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilar, magistrantlar va talabalar ham faol qatnashdi.
Ikki kun davom etgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning asosiy maqsadi “Xorazm lazgi raqsi”ning “Avesto” bilan tutash uch ming yillik tarixi, uning estetik-etnografik xususiyatlarini o‘rganish, yangi qirralarini kashf etishdan iborat. Shuningdek, “Lazgi” turkumi kabi noyob madaniy merosning azaliy an’analarini saqlash va rivojlantirish, bu borada amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarida innovatsion usullarni tavsiya etish, raqs san’ati orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlikni mustahkamlash, xalqaro miqyosda ijodiy hamkorlik va madaniy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan.
[gallery-29032]
– Ma’lumki, Xorazm tarixi nihoyatda boy, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Matyoqubova. – Qadimgi yunon tarixchisi Gerodot o‘z asarlarida Xorazm va xorazmiylar haqida muhim ma’lumotlar qoldirgan. Abu Rayhon Beruniy kabi allomalarning tarixiy manbalarida “Lazgi” musiqasi va raqsiga oid ma’lumotlarni o‘qib, hayratga tushganman. Bu menga ilhom berib, bir necha yil avval “Ofatijon Lazgi” nomli kitobni yozishimga turtki bo‘ldi. Rostini aytsam, “Lazgi”ga bunday e’tibor qaratilishi va uning jahon miqyosida keng targ‘ib etilishi bu darajaga yetadi, deb o‘ylamagan edim. Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan “Lazgi” xalqaro raqs festivalini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingani bu borada muhim qadam bo‘ldi. Bugun esa dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan mutaxassislar o‘zbek milliy san’atini, xususan, Xorazm san’atini o‘rganmoqda.
Mamlakatimiz raqs san’ati tarixida alohida o‘rin egallagan “Xorazm lazgi raqsi” o‘ziga xos ijro uslubi va jozibasi bilan nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham keng tanilgan. YUNESKO tomonidan uning insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgani ham ushbu san’at turining betakrorligini tasdiqlaydi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishi “Xorazm “Lazgi” raqsi: tarixiy-falsafiy va milliy-madaniy omillar”, “Globallashuv sharoitida xoreografiya san’ati taraqqiyoti”, “Lazgi” fenomeni: nomoddiy madaniy merosni asrashning innovatsion strategiyalari” kabi sho‘’balarda davom etdi.
Anjumanda AQSH, Ozarbayjon, Hindiston, Indoneziya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Malayziya, Misr, Pokiston, Rossiya, Turkiya, Turkmaniston, Shvetsiyadan tashrif buyurgan san’atshunoslar va mahalliy olimlar ma’ruzalar bilan ishtirok etdi. Shuningdek, Belarus, Braziliya, Fransiya, Koreya kabi davlatlardan yetuk mutaxassislar ZOOM platformasi orqali onlayn tarzda qatnashdi.
– Dunyo mamlakatlaridan xalq artistlari, professor va dotsentlar ishtirok etayotgan mazkur anjuman doirasida TURKSOY tashabbusi bilan “Turkiy dunyo xalqlari raqslari ontologiyasi” kitobi ustida ish olib borilmoqda, – deydi TURKSOY xalqaro tashkiloti bo‘lim boshlig‘i Arman Nurmuhammad. – Bu olti jildli yirik loyiha bo‘lib, olti yil davomida turli davlatlarda nashr etilishi rejalashtirilgan. Uning asosiy maqsadi turkiy xalqlar raqs san’atini tizimlashtirish va kelajak avlodga yetkazishdan iborat. Natijada talabalar o‘z milliy raqslari bilan bir qatorda o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turk, ozarbayjon va boshqa xalqlar raqslarini ham o‘rganish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa madaniyatlar o‘zaro boyishiga, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarining mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Konferensiya doirasida soha mutaxassislari, san’atshunos olimlar va tadqiqotchilar tomonidan jahon xalqlari san’ati, o‘zbek milliy raqs san’ati tarixi, “Xorazm lazgi raqsi”ning shakllanish bosqichlari, estetik-etnografik xususiyatlari, milliy-madaniy jihatlari, marosim va folklor raqslari, ularning ifoda uslublari, raqs ta’limi, musiqa madaniyati hamda zamonaviy san’atshunoslik masalalariga oid 200 dan ortiq ilmiy maqola taqdim etildi. Ularning 116 tasi tahririyat tomonidan saralab olinib, nashrga tavsiya etildi.
ІІІ “Lazgi” xalqaro raqs festivali doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari