Fermer ichimlik suvi tarmog‘idan uzildi
Aks-sado
Yaqinda saytimizda “Shu quloqni yopsam, Muborakka suv boradimi?”sarlavhali Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi Bo‘ronjuz mahallasidan o‘tgan “Yakkabog‘–Muborak” magistral ichimlik suvi quvuriga noqonuniy ulanib, fermer xo‘jaligi dalasini sug‘organ fermer fosh etilgani haqidagi tanqidiy maqola chop etilgandi.

Kuni kecha ushbu fermer xo‘jaligi ekin maydonida aniqlangan noqonuniy ulanish bartaraf etilib, tarmoqdan uzildi.
Bu haqda “Qashqadaryo suv ta’minoti” MCHJ axborot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Chiroqchi tumani “Bo‘ronjuz” MFY hududida joylashgan “Sabo” fermer xo‘jaligi rahbari ogohlantirilib, “Qashqadaryo suv ta’minoti” MCHJ xodimlari, mahalla faollari, hudud profilaktika inspektori ishtirokida ushbu noqonuniy ulanish tarmoqdan uzilgan. Shuningdek, mutaxassislar foydalanilgan suv sarfini aniqlash bo‘yicha qo‘shimcha o‘rganishlar olib bormoqda.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri