Federatsiya aralashuvi bilan bemor qayta davolandi
O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi "Ishonch” telefoniga Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani Alisher Navoiy mahallasida yashovchi Sultonoy Xo‘jamurodovaning shu yil iyul oyidagi murojaati atroflicha o‘rganildi.
S. Xo‘jamuradova Termiz shahridagi “DONG GUANG” Xitoy tabobat klinikasiga o‘g‘lini davolatish uchun olib borgan. Klinika shifokorlari farzandini samarali natija bilan davolashga ishontirib, muolajalarni boshlagan.
Jarqo‘rg‘onlik mijoz muolajalar uchun naqd 4,5 million so‘m pul mablag‘ini to‘lab bergan. Lekin, bemor markazdan hech qanday naf ko‘rmaydi. Bundan ajablangan onaizor iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatilari Federatsiyasiga murojaat etadi.
Murojaatni o‘rgangan jamiyat mutaxassislari fuqaroning etirozlarini o‘rinli, deb topdi. Klinika mutasaddilari bilan suhbat o‘tkazib, vaziyatni tushuntirdi. Natijada S. Xo‘jamurodovaning farzandi qayta dori-darmon bilan ta’minlanib, takroriy muolaja amaliyotlari o‘tkazildi.
Viloyat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati axborot xizmatidan malum qilishlaricha, ayni paytda bemorning salomatligi yaxshi. Onasi esa murojaati adolatli yechim topgani va o‘g‘lining sog‘ligi tiklanayotganidan mamnun.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA