Faxriylar tajribasi – yoshlarga maktab
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Xorazm viloyat kengashida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi.
Uchrashuv “Vatanparvar” tashkilotida uzoq yillar samarali mehnat qilib, ayni damda keksalik gashtini surayotgan faxriylarni e’zozlash, hozirgi vaqtda tashkilot tizimida fidokorona mehnat qilayotgan ustozlar va xodimlar faoliyatini munosib e’tirof etish, o‘quv kurslari, sport seksiyalari va to‘garaklarda shug‘ullanayotgan yoshlarning ishtiyoqini yanada kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda “Vatanparvar” tashkiloti tizimida uzoq yillar samarali va fidokorona faoliyat olib borib nafaqaga chiqqan Yo‘ldosh Saparov, Otaboy Bobojonov, Botir Xudoynazarov, Xudoyshukur Raxmanov kabi mehnat faxriylari, tashkilot xodimlari, o‘quvchilar, sportchilar va ularning murabbiylari ishtirok etdi.

Ko‘tarinki ruhda tashkil etilgan tadbir avvalida “Vatanparvar” tashkiloti Xorazm viloyat kengashi raisi Davronbek Ibragimov mehnat faxriylarining xotiralari, ustozlarning o‘gitlari, ish tajribalari bilan yoshlarni tanishtirdi. Shuningdek, «Vatanparvar» tashkiloti faoliyati, uning rivojlanish yo‘nalishlari, yurtimiz ijtimoiy hayotida tutgan o‘rni hamda amalga oshirilayotgan islohotlar, tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan yangilanishlar, jumladan yoshlar, ayniqsa uning uyushmagan qismini kasbga tayyorlash, “Temir” va “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan oilalar farzandlarini davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan o‘qitilishi bo‘yicha yaratilayotgan sharoitlar va yangi imkoniyatlar haqida gapirib berdi.

Tadbir davomida bolalar, o‘smirlar, va yoshlar uchun tashkilot tizimida mavjud sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha seksiya va to‘garaklarning faoliyati, ularga bepul shug‘ullanishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgani, bu yerda shug‘ullanayotgan sportchilar Respublika, viloyat musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘layotganligi ham ta’kidlandi.

Yosh va keksa avlod vakillarining samimiy va maroqli muloqotidan so‘ng faxriy mehmonlarga “Vatanparvar” tashkiloti Xorazm viloyat kengashining fahriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA