Favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik sinovdan o‘tdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro xavfsizligini ta’minlash hamda Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirish bo‘yicha belgilangan vazifalar mamlakatda barqarorlik va inson hayotini asrashga qaratilgan davlat siyosatining muhim yo‘nalishidir. Bu vazifalarning hayotda qanday amalga oshirilayotgani esa, avvalo, joylarda o‘tkazilayotgan qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlarida o‘z ifodasini topadi.
Ana shu ma’noda, joriy yilning 10–12 dekabr kunlari Mirzaobod va Sirdaryo tumanlarida o‘tkazilgan qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari favqulodda vaziyatlarda boshqaruv tizimi, kuch va vositalarning shayligi hamda xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlik samaradorligini kompleks tarzda baholash imkonini berdi.

Mashqlar 10 dekabr kuni soat 07:00 da viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining signali asosida boshlandi. “O‘zbektelekom” AJ Janubiy-g‘arbiy filiali orqali mas’ul rahbarlarning tezkor ogohlantirilishi va joylarda qisqa fursatda amaliy harakatlarga kirishilishi ogohlantirish hamda boshqaruv zanjirining uzluksiz ishlash qobiliyatini ko‘rsatdi.
O‘quv jarayonida Favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimining hududiy xizmatlari, mahalliy hokimiyat organlari, korxona va tashkilotlar rahbarlari shartli ravishda yuzaga kelgan texnogen va tabiiy favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, jabrlanganlarga tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish hamda aholini xavfsiz evakuatsiya qilish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan harakatlarni amalga oshirdi. Bu jarayonda har bir tuzilmaning aniq vazifasi va javobgarlik chegarasi amalda namoyon bo‘ldi.

Mirzaobod tumanida o‘tkazilgan tezkor yig‘ilishda mashqning maqsad va vazifalari atroflicha belgilab berildi. Shaxsiy tarkibning tayyorgarlik darajasi, texnik vositalarning shayligi hamda kuch va vositalarni boshqarish salohiyati tuman yig‘ma jamoasining saf ko‘rigi orqali baholandi.
Qo‘mondonlik-shtab mashqlari doirasida tashkil etilgan maxsus-taktik mashqlar nazariya bilan amaliyot uyg‘unligini ko‘rsatdi. Jumladan, “Guliston neft bazasi” MCHJ ning Sirdaryo filialida ob’ekt rahbariyati, fuqaro muhofazasi tuzilmalari va FVDT xizmatlari hamkorligida texnogen xavf-xatarlarni bartaraf etish, yong‘inlarni o‘chirish hamda jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha harakatlar amaliy tarzda bajarildi.

“Nurli metan gaz” MCHJ hamda “Hududgaz Sirdaryo” MCHJning Mirzaobod filialida o‘tkazilgan mashqlar gaz ta’minoti ob’ektlarida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda xodimlarni qutqarish, xavfli hududdan evakuatsiya qilish va yong‘inlarni bartaraf etish bo‘yicha xizmatlarning o‘zaro hamjihatligini ochib berdi.
“Navro‘z Total Textile” MCHJ dagi mashqlarda esa ishlab chiqarish binolarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vayronalar oqibatlarini bartaraf etish, jabrlanganlarni qutqarish va tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq algoritmlar asosida harakatlar bajarildi. Bu sanoat ob’ektlarida xavfsizlik masalasi doimiy e’tibor talab etishini yana bir bor ko‘rsatdi.

Mashqlar jarayonida aholini favqulodda vaziyatlarga tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratildi. Mirzaoboddagi Guliston davlat pedagogika instituti qoshidagi akademik litsey va Sirdaryo tumanidagi 71-son maktab-internatida o‘tkazilgan seminarlarda yoshlarga zilzila paytida to‘g‘ri harakat qilish, xavfsiz evakuatsiyani tashkil etish va hayotiy muhim ko‘nikmalar o‘rgatildi.
Shuningdek, Sirdaryo tumanidagi “Baxt” savdo kompleksi hamda “Baxt-X” dehqon bozori hududlarida o‘tkazilgan maxsus-taktik mashqlar aholi gavjum joylarda xavfsizlikni ta’minlash masalasi naqadar dolzarb ekanini ko‘rsatdi. Yong‘inlarni bartaraf etish va xaridorlarni xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish jarayonlari namunali tarzda namoyish etildi.

Umuman olganda, qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari Favqulodda vaziyatlar davlat tizimining joylardagi imkoniyatlari, xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlik darajasi va favqulodda holatlarga javob qaytarish salohiyatini kompleks baholashga xizmat qildi. Mashqlar yakunida aniqlangan kamchiliklar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Faol ishtirok etgan sohaviy xizmat xodimlarining tashakkurnomalar bilan taqdirlanishi esa tizimda mas’uliyat, tashabbuskorlik va doimiy tayyorgarlikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu kabi mashqlar aholi xavfsizligini ta’minlashda davlat siyosati va amaliy harakatlar uyg‘unligining muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqladi.
G‘ulom Primov, O‘zA