Favqulodda holatlarda qanday harakatlanishni bilasizmi?
Ma’lumki, respublikamizda 15 noyabrdan 15 dekabrga qadar “Yong‘in xavfsizligi oyligi” e’lon qilindi.
Mazkur oylik doirasida soha mutaxassislari tomonidan ko‘p qavatli aholi turar joylari, ijtimoiy soha ob’ektlari, jamoatchilik muassasalari va ishlab chiqarish sanoat korxonalarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlar, gaz va havo aralashmasidan yuzaga kelishi xavfi bo‘lgan chaqnashlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish va boshqa turdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan turli uchrashuv, seminar, davra suhbatlari va yong‘in-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi hamda Yangihayot tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamkorligida ana shunday profilaktik tadbir tashkil etildi.

Yangihayot tumanida bo‘lib o‘tgan tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi harbiy xizmatchilari, tez tibbiy yordam xodimlari, kommunal tashkilotlari vakillari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilariga yong‘inlar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in sodir bo‘lganda harakatlanish tartib-qoidalari, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sog‘ligiga jiddiy xavf solib kelayotgan is gazidan zaharlanish va uning salbiy oqibatlari xususida batafsil tushuncha berildi.

Shuningdek, shartli ravishda sodir bo‘lgan yong‘inni bartaraf etishda birlamchi yong‘in o‘chirish vositalaridan foydalanish amaliy tarzda ko‘rsatib berildi.
Profilaktik tadbir jarayonida “Akfa assembly” MCHJ hududida yong‘inni o‘chirish bo‘yicha amaliy o‘quv taktik mashqi o‘tkazildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA