“Farzandlarimning kelajagi uchun ovoz berdim”
Sirdaryo viloyati Guliston shahrida saylov uchastkalariga kelolmagan bemorlarning ushbu jarayonda ishtiroki saylov uchastkasi mas’ullari tomonidan e’tiborga olingan.
Shahardagi Yangi hayot mahallasida joylashgan saylov uchastkasida 2236 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, 37 nafar bemor fuqaroga o‘z uyida ovoz berishi uchun imkoniyat yaratildi. Shu mahallada yashovchi mehnat faxriysi Rustam Bektemirov ham o‘ziga ma’qul topgan nomzodga o‘z uyida ovoz berdi.
– Yaqinda yurak xastaligi bilan og‘ir operatsiyani boshdan kechirdim, – deydi Rustam Bektemirov.
– Bu yil saylovda ishtirok etolmas ekanman, degan o‘y bor edi. Saylov tashkilotchilaridan minnatdorman. Ular xonadonimizga kelib, o‘zim istagan nomzodga ovoz berishimga imkon yaratdi.
25 yil mobaynida shahardagi 11-umumta’lim maktabiga rahbarlik qildim. Bugun yotib qolgan bo‘lsamda, o‘z burchimni ado etishni istagandim, albatta.
Niyatimga yetdim. Mening ovozim, farzandlarimning kelajagi uchun berilgan ovozdir.
Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA