Farovonlikka yo‘naltirilayotgan sarmoyalar
Iqtisodiyotda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan izchil islohotlar jarayonida Surxondaryo viloyati ham zamonaviy sanoati yuksalayotgan hududga aylanmoqda. 2015-yili viloyatda sanoatni rivojlantirish uchun 156,3 milliard so‘mlikdan ortiq 518 loyiha amalga oshirildi.
Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2015 yida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar mamlakatimiz iqtisodiyotini tarkibiy o‘zgartirishda yuksak samaralar berayotgani alohida ta’kidlandi.Iqtisodiyotda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan izchil islohotlar jarayonida Surxondaryo viloyati ham zamonaviy sanoati yuksalayotgan hududga aylanmoqda. 2015-yili viloyatda sanoatni rivojlantirish uchun 156,3 milliard so‘mlikdan ortiq 518 loyiha amalga oshirildi. Zamonaviy jihozlangan korxonalarning 181 tasi yangidan tashkil etilgan bo‘lsa, 337 tasi modernizatsiya qilindi, texnik-texnologik qayta jihozlandi.
– Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnologik yangilash, tashqi va ichki bozorda xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqaradigan yangi quvvatlarni ishga tushirish korxonalarning raqobatbardoshlik darajasini yanada oshirib, iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish va yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish imkonini bermoqda, – deydi Surxondaryo viloyati iqtisodiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i Saydulla Xoliqov. – O‘tgan yili bu borada amalga oshirilgan ishlarni tarmoqlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, kimyo va neftkimyo sanoatida 16, mashinasozlik va ehtiyot qismlar sanoatida 2, qurilish materiallari ishlab chiqarishda 247, oziq-ovqat sanoatida 114, to‘qimachilik sanoatida 93, charm-poyabzal sanoatida 5, farmatsevtika sanoatida 1, mebel va qog‘oz sanoatida 40 loyiha hayotga joriy etilib, 37 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Milliy iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, xalqimizning osoyishta va farovon turmushini ta’minlashga yo‘naltirilgan bunday ulug‘vor ishlar tufayli viloyatda yangi turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish mollari, xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarish o‘zlashtirildi, iste’molchilarning arzon va sifatli mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyoji qanoatlantirildi.
Termiz shahridagi “Saidjon Muhammadjon muzqaymoqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan 34 turdagi muzqaymoq, Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Asr” va Denov tumanidagi “Surxon Ulug‘bek Sharofuddinov” xususiy korxonalarining lok, shpaklyovka va emal bo‘yoqlari, “Surxon Termiz Chinni” mas’uliyati cheklangan jamiyatining chinni buyumlari, “Nova-Farm” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonasida tayyorlanayotgan farmatsevtika mahsulotlari hudud aholisi ehtiyojini to‘liq ta’minlashga xizmat qilmoqda.
“Surxon Termiz Chinni” mas’uliyati cheklangan jamiyatining biznes loyihasi “Aloqabank”ning Surxondaryo viloyati filiali tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, 7 milliard 400 million so‘m kredit mablag‘i ajratilgani sifatli va arzon chinni mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etdi. Korxonaga xorijdan yiliga 8 million donagacha chinni mahsulotlari ishlab chiqaradigan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatildi. 150 dan ortiq ishchi ikki smenada 20 ga yaqin turdagi xaridorgir, bejirim chinni buyumlari ishlab chiqarayotir.
Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Asr” xususiy korxonasining qurilish uchun zarur lok-bo‘yoq ishlab chiqarish tashabbusi ham moliya institutlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Yiliga 100 tonna lok-bo‘yoq ishlab chiqaradigan yangi loyihani amalga oshirish uchun “O‘zsanoatqurilishbank”ning 133 million so‘m miqdoridagi imtiyozli krediti va tadbirkorlarning 78 million so‘mdan ortiq o‘z mablag‘idan samarali foydalanildi. Ayni paytda bu yerda ishlab chiqarilayotgan arzon va raqobatbardosh lok-bo‘yoqlardan qurilish inshootlarida keng foydalanilayotir.
“Nova-Farm” O‘zbekiston – Hindiston qo‘shma korxonasi faoliyatining kengayib borayotgani mamlakatimizda xorijlik sarmoyadorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgani samarasidir. Qo‘shma korxonaning o‘tgan yili ishga tushirilgan yangi bosqichi mamlakatimiz farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, davolash-profilaktika muassasalarini arzon, sifatli dori vositalari bilan ta’minlash ko‘lamini kengaytirishga, yurtimizning eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
– O‘zbekistonda xorijlik sarmoyadorlar ishtirokidagi korxonalar uchun qator imtiyozlar berilgani, raqobatbardosh, tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilayotgani bizni yangi g‘oyalar ustida izlanishga undamoqda, – deydi qo‘shma korxona direktori Satvinder Singxga. –Korxona zamonaviy texnologiyalar asosida bosqichma-bosqich kengaytirilib, mahsulot turi va ishlab chiqarish hajmi tobora oshmoqda. Hamkorlarimiz bilan import o‘rnini bosadigan ko‘plab dori vositalari tayyorlash jarayonini o‘zlashtirayotganimizdan mamnunmiz. Bularning barchasi O‘zbekistondagi tinchlik-osoyishtalik va iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasidir.
Ayni paytda qo‘shma korxonani yanada kengaytirishga hozirlik ko‘rilmoqda. Jumladan, viloyatda o‘sadigan turli giyohlardan arzon, jahon bozorida raqobatbardosh tabiiy dori vositalari tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Bir martalik shpris ishlab chiqaradigan texnologik uskunalar o‘rnatiladi. Bu yerda ishlab chiqarish rejalashtirilayotgan infuzion, in’eksion eritmalar mazkur dori vositalarini xorijdan keltirishga to‘liq chek qo‘yish bilan birga, bir qismini eksport qilish imkonini ham beradi.
Viloyatda joriy yilda ham yangi quvvatlarni ishga tushirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash ishlari izchil davom ettirilib, plastik chiqindilaridan granulalar ishlab chiqarish va avtomobillar uchun sifatli, arzon antifriz tayyorlashni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Terini qayta ishlab, bo‘yaydigan yangi loyiha amalga oshiriladi. Gipsokarton, quyosh batareyasi modullari, quritilgan sut, sochiq va yangi turdagi boshqa tikuvchilik mahsulotlari, ventilyator, dazmol kabi maishiy texnika vositalari ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.
Bu mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama rivojlantirish, pirovardida aholi farovonligini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan doimiy e’tibor samaralaridir.