Farmonning mazmuni tadbirkorlarga tushuntirildi
Mamlakatimizda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish, eksportni qo‘llab-quvvatlash hamda qo‘shimcha ishchi o‘rinlarini yaratish maqsadida keng ko‘lamli ishlar olib borilishi barobarida tadbirkorlik sub’ektlariga bir qancha qulaylik yaratimoqda. Xususan, joriy yilning 18 avgust kuni davlatimiz rahbari huzurida tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ham “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimidan unumli foydalangan ishlab chiqarish salmog‘ini oshirish va eksportni rag‘batlantirish vazifasi qo‘yildi.
Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan qulaylik va imtiyozlar bilan tadbirkorlarni yaqindan tanishtirish maqsadida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida aynan tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida navbatdagi seminar-trening tashkil etildi.


Seminar-trening davomida ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimining qo‘llanilishini soddalashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va uning afzalliklari tushuntirildi.
Ta’kidlanganidek, tovarlarni “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga joylashtirish orqali qayta ishlab chiqarilgan va eksportga rasmiylashtirilgan tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining undirilmasligi mazkur farmon orqali tadbirkorlar uchun yaratilgan eng katta yangiliklardan biri bo‘ldi. Bundan tashqari, tovarlar eksportida qo‘llaniladigan bojxona yig‘imlari stavkalari, imtiyoz, preferensiyalar, subsidiya va kompensatsiyalarni qayta ishlashdan hosil bo‘lgan tayyor mahsulotlar eksportiga ham tatbiq etildi. Tovarlarni qayta ishlashda muvofiqlik sertifikati, sanitariya-epidemiologik xulosa talab etilmaydi.


Seminar-trening davomida bojxona sohasida joriy etilayotgan so‘nggi yangiliklarning tadbirkorlik sub’ektlariga tushuntirilishi barobarida tizimni korrupsiyadan xoli hududga aylantirish maqsadida amaliyotda imkon qadar inson omilining kamaytirilganligi va Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida “Ishonch telefoni” faoliyatining uzluksiz yo‘lga qo‘yilganligi alohida ta’kidlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri