Farmon ijrosi: yashirin iqtisodiyotga qarshi qanday choralar ko‘rilmoqda?
Iqtisodiy islohotlar sharoitida mamlakatimizda naqdsiz hisob-kitoblar ulushini oshirish, to‘lov tizimlarining barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlash muhim vazifalardan biriga aylanmoqda. Energiya resurslaridan foydalanish sohasida shaffoflikni kuchaytirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur jarayonlar haqida “O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev quyidagilarni ma’lum qildi:
–Ushbu farmon ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda keng qamrovli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “O‘zenergoinspeksiya” Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi, viloyat hokimligi hamda soliq organlari xodimlari hamkorligida avtotransport vositalariga yonilg‘i quyish va gaz to‘ldirish shoxobchalarida profilaktik o‘rganishlar o‘tkazilmoqda.
O‘rganishlar jarayonida gaz to‘ldirish shoxobchalarida naqdsiz hisob-kitoblarni joriy etish darajasi, to‘lov tizimlarining uzluksiz ishlashi hamda hisob-kitoblarning qonuniy yuritilishi holatlari alohida nazoratga olinyapti.
Qayd etilishicha, mazkur profilaktik tadbirlar energiya resurslaridan foydalanishda shaffoflikni ta’minlash hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, nazorat tadbirlari davomida qator qonunbuzarlik holatlari ham aniqlanmoqda. Jumladan, Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida fuqaro A. Sh.ga qarashli korxona elektr qurilmalarini o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulab, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelgani fosh etildi. Natijada elektr ta’minoti korxonasiga 2 milliard 262 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Shuningdek, Namangan viloyati Davlatobod tumanida joylashgan “A.U.E” korxonasida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida korxona yiliga 100 ming metr kubdan ortiq gaz iste’mol qilgan holda, texnik jihatdan qayta jihozlangan gaz uskunalari uchun tegishli xulosalar olmasdan faoliyat yuritib kelayotgani aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan korxonaga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida jarima qo‘llanildi.
Qayd etish joizki, mazkur farmon ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilayotgan o‘rganishlar naqdsiz hisob-kitoblar tizimini yanada takomillashtirish, to‘lovlar shaffofligini oshirish hamda energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘z navbatida, bu yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, qonuniylikni mustahkamlash va iqtisodiyotda barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.