Farmatsevtika tarmog‘ida qanday muammolar bor?
So‘nggi yillarda yurtimizda aholini dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiy texnika bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, aholini va sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon va sifatli farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlashni yaxshilashga qaratilgan 50 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Natijada mamlakatimiz farmatsevtika tarmog‘iga sarmoyalar ko‘lami oshib borishiga huquqiy zamin yaratildi. Mahalliy farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish uchun uzoq muddatli strategiya qabul qilinib, eng zarur dori preparatlari, infuzion eritmalar, vaksinalar, qon preparatlari, bir marta ishlatiladigan tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan “Aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan ta’minlashda mahalliy farmatsevtika korxonalarining o‘rni va rivojlanish istiqbollari” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida bu boradagi sa’y-harakatlar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, sohadagi islohotlar natijasida dori vositalari ishlab chiqaruvchilar besh yil davomida barcha soliqlarni to‘lashdan ozod etildi. O‘zbekistonning farmatsevtika bozorida o‘sish dinamikasi yiliga 8-10 foizni tashkil etib, MDH mintaqasida eng tez rivojlanayotgan bozorlar qatoridan o‘rin egallamoqda. Shu bilan birga, mamlakatimizda dori vositalarini ishlab chiqarishning xalqaro standartlari ham joriy etilayotgani xalq vakillari tomonidan e’tirof etildi.
Davra suhbatida qayd etilishicha, 2017 yil yurtimizda farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi 149 ta korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 220 tani tashkil etmoqda. 2017 yilda 1,4 trillion so‘mga yaqin farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2020 yilda 2,4 trillion so‘mlik miqdorda mahsulot ishlab chiqarilgan. bugungi kunga kelib, mahalliy farmatsevtika korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar soni 3532 taga yetkazildi.
Tadbirda deputatlar mamlakatimizda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish uchun yetarli xomashyo bazasi mavjudligini, ya’ni 4500 ga yaqin o‘simlik turlari bo‘lib, 750 turdagi dorivor o‘simliklardan faqatgina 70 tasi mahalliy korxonalar tomonidan ishlatilayotganini tanqid ostiga olishdi.
bugungi kunda mahalliy farmatsevtika tarmog‘i aholi va tibbiyot muassasalarining dori vositalari va tibbiy buyumlariga bo‘lgan ehtiyojining qariyb 30 foizini, tovar hajmi bo‘yicha ifodalaganda 45 foizni qoplamoqda.
Bu esa ilg‘or ilmiy tajriba va zamonaviy texnologiyalarni inobatga olgan holda ishlab chiqariladigan farmatsevtika mahsulotlari turlarini, jumladan, onkologik, gormonal, qon preparatlari, vaksinalar kabi innovatsion biotexnologik dori vositalarini ishlab chiqarish kamligidan dalolat.
Shuningdek, ilm-fan va sanoat korxonalari kooperatsiyasini rivojlantirish uchun zamonaviy bilimlarga ega malakali mutaxassislar tayyorlash talab darajasida emasligi ham deputatlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi.
Davra suhbatida qonun va qonunosti hujjatlarining ijrosini muntazam ravishda o‘rganib borish, amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolarni, o‘z yechimini kutayotgan masalalarni bartaraf etish, sohani yanada rivojlantirish va takomillashtirib borish yuzasidan qator takliflar berildi.
Tadbir yakunida 2020-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish konsepsiyasi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning ijrosini ta’minlashga qaratilgan qator tavsiyalar bildirilib, qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA