Farmatsevtika korxonalarida energiya samaradorligi bo‘yicha monitoring o‘tkazildi
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan farmatsevtika sanoatida energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan navbatdagi monitoring va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbir doirasida dori vositalari ishlab chiqaruvchi “Remedy Group” MCHJ, “Laxisam Pharmaceutical” MCHJ hamda “Aziya Immunopreparat” MCHJ korxonalarida o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
Qayd etilishicha, monitoringdan asosiy maqsad korxonalarda energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini baholash, mavjud muammolarni aniqlash hamda energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berishdan iborat.

O‘rganishlar davomida korxonalarda elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli, ishlab chiqarish uskunalarining energiya samaradorligi, texnologik jarayonlardagi yo‘qotishlar, shuningdek, energiya hisobini yuritish va nazorat qilish tizimlari atroflicha tahlil qilindi. Shu bilan birga, ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish, energiya sarfini qisqartirish va mavjud resurslardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, korxonalar rahbariyati va mutaxassislari bilan energiya auditini tashkil etish, energiya tejamkor uskunalarni joriy qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hamda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish yuzasidan targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borildi.
Ta’kidlanishicha, bunday monitoring tadbirlari farmatsevtika tarmog‘ida energiya resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish tannarxini kamaytirish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA