Farg‘onaning yangi prokurori aholi bilan uchrashdi
Aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlash, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash hamda bartaraf etish yuzasidan aniq va manzilli choralar ko‘rilmoqda. Bunda “mahallabay” tizimi asosida ishlash sektor rahbarlarini xalq bilan yanada yaqinlashtirishga xizmat qilayotgani muhim o‘rin tutmoqda.
Farg‘ona viloyati prokurori Baxtiyor Ismoilov Oltiariq tumanida aholi bilan uchrashdi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar, yoshlar va tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.
Viloyat prokurori tomonidan 39 nafar jismoniy va yuridik shaxslar hamda ularning vakillari qabul qilindi. Murojaat qilganlarning 11 nafari ishga joylash, 10 nafari imtiyozli kredit ajratish, 6 nafari moddiy yordam, 1 nafari ichki yo‘llarni ta’mirlash hamda 11 nafari boshqa masalalarda amaliy yordam so‘ragan.
Murojaat qilgan 10 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 5 nafar yoshlarga tadbirkorlik faoliyati uchun imtiyozli kredit ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.
O‘tkazilgan qabulda kelib tushgan murojaatlarning 16 tasi joyida hal etildi, qo‘shimcha o‘rganish talab etilgan 23 ta murojaatlar bo‘yicha tegishli tashkilotlarga qonuniy hal etish uchun topshiriq va ko‘rsatmalar berilib, nazoratga olindi.
Mazkur qabuldan kelib chiqib, fuqarolar bandligini ta’minlash, ularni muammolarini ijobiy hal etish va tadbirkorlik faoliyatida amaliy yordam ko‘rsatish, yoshlarni kasbga yo‘naltirish hamda qo‘llab-quvvatlash borasida ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan dolzarb vazifalar belgilab olindi.
Shu kuni viloyat prokurori B.Ismoilov fuqaro A.Suyarqulovning yashash xonadonida bo‘lib, ushbu xonadonni ta’mirlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi va nazoratga oldi. Shuningdek, 2-sektor hududidagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Omina Servis” xususiy korxonasi faoliyati bilan tanishildi. Korxonaga prokuratura amaliy yordami bilan “Yoshlar kichik sanoat zonasi”dan 20 sotix yer maydoni ajratilgan va tadbirkor tomonidan hozirgi kunda 20 nafar ayollar ish bilan ta’minlangan.
M. Sulaymonov, O‘zA