Farg‘onaliklar chilgi hosil yetishtirishni boshlamoqda
Farg‘ona viloyati pillakorlari joriy yilda 39 ming 168 quti ipak urug‘ini parvarishlab, 2 ming 233 tonna qimmatbaho sanoat xom ashyosi yetishtirishni maqsad qilgan.
Pillachilik qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan bo‘lib yildan yilga rivojlanmoqda.

Ayni paytda tizimdagi korxonalar eksport va investitsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, sohada aholi bandligini ta’minlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning samarasi sifatida tabiiy ipak xom ashyosi yetishtirish, qayta ishlash, eksport qilish ko‘lami kengaymoqda.

–Ipak qurti urug‘i yetishtirish to‘liq mahalliylashtirilib, chilgi hosil barakasini ta’minlash maqsadida zamonaviy laboratoriyalar tashkil etildi, – deydi Farg‘ona viloyati “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Maqsudjon Qosimov. – Bu yil viloyat bo‘ylab ipak qurti urug‘i 390 ta inkubatoriyalarga joylashtirildi.

Har bir kilogramm pilla uchun o‘rtacha 24 ming 700 so‘mdan naqd pul to‘lanadi. Belgilangan imtiyozga ko‘ra, pilla hosilining har bir kilosi uchun 5 ming so‘mdan subsidiya beriladi. O‘z navbatida har bir qurt boquvchi bir yillik ish stajiga ega bo‘ladi. 2022 yil hosili uchun viloyatda 8 ta pillachilik klasteri 4 ming 923 ta fermer xo‘jaliklari hamda 39 ming nafardan ziyod kasanachilar bilan shartnoma tuzdi. Mavsumiy ish bilan ta’minlanganlarga kerakli barcha moddiy resurslar yetkazib berildi.
M.Sulaymonov, O‘zA