Farg‘onalik tadbirkor ayol milliy brend yaratdi
Marg‘ilon tomonidan Farg‘ona shahriga kirib kelarkansiz “Narimteks” deb yozilgan binoga ko‘zingiz tushadi. Milliy brend asosida ishlab chiqarilayotgan ayollar paltolari bejirimligi va yuqori sifati bilan nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham xaridorgir. Albatta, bunga osonlikcha erishilgani yo‘q.
Marg‘ilonlik Nargiza Aminova dastlab ish boshlaganida kun kelib, yirik sarmoyadorga aylanishini xayoliga keltirmagandi. O‘tgan besh yil davomida u izlandi, dizaynerlar bilan hamkorlikda mahsulotning yangi turlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi. Ayni kunlarda bu yerda yiliga 60 ming dona ayollar paltosi tayyorlanmoqda. Mahsulotlarning asosiy qismi eksport qilinyapti.
Davlatimiz rahbari 2018 yil 12-13 iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida “Narimteks” mas’uliyati cheklangan jamiyatidagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishib, yangi loyiha bo‘yicha taklif bergan edi. Shahardagi sobiq “Atlas” firmasiga qarashli bo‘sh turgan bino nol qiymatda berildi.
– Junli matolarni yo‘lga qo‘yish loyihasi O‘zbekiston uchun yangilik, –deydi Nargiza Aminova. – Prezidentimizning ishonchini oqlash uchun tinmay harakat qildik. Pandemiya sharoitida bo‘lishiga qaramay 50 ming kvadrat maydonning yarmida loyihaning birinchi bosqichini ishga tushirishga muvaffaq bo‘ldik. Mahsulot chiqdi, bu katta yutuq.
[gallery-577]
Darhaqiqat, tadbirkor tomonidan tashkil etilgan “Uzwoolentex” qo‘shma korxonasida ayni kunlarda formali kiyimlar uchun jun aralashmali matolar ishlab chiqarilmoqda. Umumiy qiymati 8,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etildi. Yangi loyiha bir vaqtning o‘zida 300 nafar mahalliy yoshlar bandligini ta’minlash imkoniyatini berdi. Shu kunga qadar to‘quv, sifatni nazorat qilish, pardozlash va laboratoriya sexlari yuqori unum bilan ishlamoqda. To‘qimachilik tarmoqlari rivojlangan mamlakatlardan olib kelingan so‘ngi rusumdagi ishlab chiqarish uskunalarini mahorat bilan boshqarayotganlarning asosini marg‘ilonlik yoshlar tashkil etadi.
Bo‘sh turgan binodan samarali foydalanish maqsadida yirik loyihaning ikkinchi bosqichi-jun aralashmali ip-kalava ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Yangi sex bir vaqtning o‘zida 400 nafardan ortiq mahalliy yoshlar bandligini ta’minlaydi. Yillik ishlab chiqarish quvvati 840 tonnani, 2 million pogonomertni tashkil etadi. Mazkur loyiha harbiylar va davlat xizmatchilari formali kiyimlari uchun ip ishlab chiqarish va dunyo bozorida xaridorgir bo‘lgan poliviskoza, poliester-paxta aralashma tarkibli matolar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini berdi.
Ilgarilari jun aralashmali matolar faqat import evaziga olib kelinardi. Amalga oshirilgan loyiha mahsulotni mahalliylashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
M.SULAYMONOV, M.QODIROV (surat), O‘zA