Farg‘onalik sohibkorlar mehnatining e’tirofi
Farg‘onada qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan bayramda ularning fidokorona mehnati e’tirof etildi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tadbir ishtirokchilarini tabriklab, samimiy tilaklarini bildirdi.
Farg‘onaliklar azaldan dehqonchilikning mirishkori, haqiqiy ustasi sifatida yurtimizda mashhur. Ular tomonidan yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bugun xorijda ham o‘z xaridoriga ega. Doimo yer bilan tillashib, dardlashib yashaydigan viloyatning dehqon va fermerlari omilkorlik bilan, boy bilim va tajribasi, ilm-fan yutuqlarini ishga solib, mo‘l hosil yetishtirishga muvaffaq bo‘lishmoqda.
2022 yilda Jahon bankining O‘zbekiston Respublikasida “Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida 4 million dollar mablag‘lari hisobiga Farg‘ona agroxizmatlar markazi tashkil etilib, qishloq xo‘jaligida o‘ziga xos innovatsion XAB yaratildi. Markazda dunyoni rivojlangan Irlandiya, Xorvatiya, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Turkiya davlatlaridan taklif etilgan yuqori malakaga ega ekspertlar faoliyat yuritmoqda.
[gallery-9939]
Joriy yilda markaz tomonidan ilg‘or texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha ishlab chiqilgan 30 dan ortiq ilmiy amaliy ishlanmalar viloyatdagi fermerlar, agroklasterlar tomonidan 40 ming gektardan ortiq maydonlarda amaliyotga tadbiq etilib, eng yuqori samaradorlikka erishildi. Dehqonchilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha joriy yilda 285,8 ming tonna paxta, 819,5 ming tonna don, 1261,7 ming tonna sabzavot, 348,1 ming tonna kartoshka, 154,4 ming tonna poliz, 387,8 ming tonna meva, 188,7 ming tonna uzum mahsulotlari ishlab chiqarildi. Investitsiya loyihalari dasturi asosida qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish bo‘yicha jami 1979,4 milliard so‘mlik mablag‘lar hisobiga 356 ta loyihalar amalga oshirilib, 4 915 ta yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Joriy yilning 11 oyligida viloyatda 213,7 million dollarlik 292,5 ming tonna mahsulot eksport qilindi. Tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga joriy yilda 64,7 trillion so‘mlik yoki qo‘shimcha 103,4 million dollarlik mahsulotlar ishlab chiqarish kutilmoqda. Umuman olganda, viloyatda 2022 yilda rejali ishlar tashkil etilib, 30,5 trillion so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarildi. 300 mingdan ziyod ish o‘rinlari yaratildi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,7 trillion so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hamda 37 ming ta ko‘p ish o‘rinlari yaratishga erishildi. Albatta, bu yutuqlarning zamirida qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlarining mehnati beqiyos.
Qishloq xo‘jaligi sohasining bir guruh vakillari sovg‘alar bilan taqdirlandi. San’atkorlarning bayram dasturi barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA