Farg‘onalik qatag‘on qurbonlari yod etildi
Mustaqilligimizning bugungi farahbaxsh kunlariga yetib kelishda aziz jonlarini fido qilgan, xalqimizning ozodligi va erkinligi, kelajak avlodlarning tinch va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida mardona kurashgan ajdodlarimizning xizmati katta. Mustabid tuzum davrida yuz minglab begunoh insonlarning umri xazon bo‘lganini, qancha-qancha oilalar xonavayron bo‘lib, qancha-qancha go‘daklar yetim qolganini tarix, bugungi va kelajak avlod hech qachon unutmaydi.
Toshkentdagi Shahidlar xotirasi xiyobonida bo‘lib o‘tgan qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida davlatimiz rahbari qatag‘on qurbonlari yashagan mahallalarda ularning nomlari, faoliyatini muhrlab qo‘yish zarurligini ta’kidlab, bayramlarda, xotira kunlarida xonadonlarini ziyorat qilish kerakligini qayd etgan edi.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlaridagi qatag‘on qurbonlari avlodlari oilalari holidan xabar oldi. Prezidentimizning bayram qutlovlarini yetkazdi. Oilalar vakillari Davlatimiz rahbari tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun o‘z minnatdorchiliklarini bildirdi.
Dastlab Marg‘ilon shahar “Toshkesar” mahalla fuqarolar yig‘inida 1939 yilda Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat kabi mashhur o‘zbek shoir va yozuvchilarining do‘sti, “hamtovog‘i” sifatida qamoqqa olingan va qatag‘on qilingan Jamolxon Saidjonovning nevarasi Jahongirxon Jahonov xonadoniga borildi.
Qatag‘on davrida hayotining katta qismini qamoqda o‘tkazib qaytgach, 2 o‘g‘il va bir qizni kamolga yetkazgan, xalq ta’limi yo‘nalishida va xalq xo‘jaligi tarmoqlarida uzoq yillar samarali mehnat qilib, el-yurt xizmatida bo‘lgan Jamolxon Saidjonov hayoti va faoliyati haqida uning nabiralari so‘zlab berdi.
Farg‘ona shahar “Beshbola” mahalla fuqarolar yig‘inida yashab o‘tgan qatag‘on qurbonlaridan biri Rahmat Mamajonovning yaqinlari ham mehmonlarni hursandchilik bilan qarshi oldi. Rahmat Mamajonov 1902 yilda tug‘ilgan bo‘lib, 1937 yilda qatag‘on qilinadi. 1989 yilda esa unga qo‘yilgan ayblov olib tashlanib, oqlanadi. U boshidan o‘tkazgan og‘ir kunlarga qaramay o‘z she’rlari, bilimi bilan adabiyot va san’at, fan va ta’lim rivojiga munosib hissa qo‘shib kelgani farzandlari bilan suhbatda aytib o‘tildi.
[gallery-13415]
1905 yilda tug‘ilib, Farg‘ona shahrida yashab o‘tgan, 1937 yilda “xalq dushmani” sifatida ayblanib, Rossiyaning sovuq o‘lkalariga surgun qilingan Tojixon Shodiyeva haqida uning tutingan farzandi Mamlakat Yoqubova aytib bergan voqealar ham o‘sha davrlarning nohaqliklarini, qiyinchiliklarini ifoda etdi. 1961 yilda oqlanganidan keyin ham Tojixon Shodiyeva o‘z g‘ayrati va shijoatini so‘ndirmaydi va xalq xo‘jaligida rahbarlik lavozimlarida faol mehnat qiladi. El-yurt hurmatini qozonadi. Viloyat rahbari Tojixon Shodiyeva kabi fidoyi va jonkuyar yurt farzandlari, qatag‘on qurbonlari hayoti va faoliyatini chuqurroq o‘rganib, ularni yoshlarga ibrat va namuna qilib ko‘rsatish ishlarini yanada kuchaytirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Xonadon egalari bilan bo‘lgan samimiy muloqotlarda mustabid tuzum davrida qatag‘on qilingan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, Vatanimiz ozodligi va erkinligi yo‘lida qurbon bo‘lgan xalqimizning suyukli farzandlari nomini tiklash, ularning faoliyati va merosini o‘rganish hamda targ‘ib etish haqida so‘z bordi.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov (surat), O‘zA