Farg‘onalik maktab o‘qituvchisining 97 foiz o‘quvchisi talaba bo‘ldi
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi 25-umumiy o‘rta ta’lim maktabining fizika fani o‘qituvchisi Layloxon Ne’matova o‘z kasbining ustasi. Uning sabog‘ini olgan yoshlarning aksariyati oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirib, o‘z orzulari sari dadil intilmoqda.
Pedagog shogirdlari kamoli yo‘lida doimo izlanishda. Maktabdagi darslardan tashqari repetitorlik faoliyati bilan ham shug‘ullanadi. 2016-2017 o‘quv yilida 72 nafar bitiruvchini test imtihonlariga tayyorlagan muallima shogirdlari erishgan natijalardan mamnun. Bitiruvchilarning 33 nafari davlat granti, 39 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida oliy o‘quv yurtlari talabaligiga qabul qilingan. Ayniqsa, Sharifjon Kamolov va Mirodil Ahmadqulov test imtihonlarida 100 foizlik natija qayd etgani ustoz mehnatlarining samarasidir.
L.Ne’matova yildan-yilga repetitorlik faoliyatini kengaytira bordi. Xususan, 2017-2018 o‘quv yilida 82 nafar, 2018-2019 o‘quv yilida 112 nafar, 2019-2020 o‘quv yilida 116 nafar bitiruvchini test sinovlariga tayyorladi va 97 foizlik ko‘rsatkichga erishdi. Ayni kunlarda ham ustoz yuzdan ziyod o‘g‘il-qizni ta’limning navbatdagi bosqichiga tayyorlamoqda.
Fidoyi ustozning “qo‘lidan chiqqan” bitiruvchilarning 7 nafari Inha universiteti, 32 nafari Toshkent davlat texnika universiteti, 8 nafari Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti, 11 nafari O‘zbekiston milliy universiteti, 56 nafari Farg‘ona davlat universiteti va yana 72 nafari Qo‘qon davlat pedagogika instituti kabi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqda.
– O‘qigan, ilmli va kasb-hunarli inson hayotda o‘z o‘rnini topa oladi, – deydi L.Ne’matova.
– Shu bois ham o‘quvchilarimga hayotdagi maqsadiga erishishi uchun barcha fanlarni o‘zlashtirishni uqtiraman. Testlarni yod olish kerak emas, balki ularni tahlil qilish va mavzularning har birini chuqur o‘rganishi lozim. Shundagina imtihonlarni muvaffaqiyatli topshira oladi.
Hayotdagi eng yaxshi huzur-halovat ado etilgan burchdan zavqlanishdir. Layloxon Ne’matova singari fidoyi o‘qituvchilarni “bo‘lajak talabalar fabrikasi” desak arziydi.
M.Sulaymonov, O‘zA