Farg‘onadagi korxonalar eksport imkoniyati kengaymoqda
Farg‘ona shahrida “Farg‘ona vodiysi yengil sanoati” II forumi ish boshladi. Viloyat hokimligi va Marg‘ilon shahridagi “Abr matolari” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida viloyatda ikkinchi marta o‘tkazilayotgan ushbu forumga Rossiya, Belarus, Italiya, Polsha, Avstriya va Turkiya kabi xorijiy davlatlardan importyorlar ishtirok etmoqda.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan viloyat hokimi o‘rinbosari – viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Iqboljon Ergashev bu kabi tadbirlar mahalliy tadbirkorlar va chet ellik ishbilarmonlar bilan o‘zaro tajriba almashish va savdo shartnomalarini tuzishda yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi. Shundan so‘ng Farg‘ona viloyatida tekstil va to‘qimachilik sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar, o‘sish sur’atlari va eksport salohiyati taqdimoti o‘tkazildi.
[gallery-9263]
Xorijiy kapital ishtirokidagi tekstil korxonalari 2019 yilda 56 ta bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 83 taga yetdi. 2021 yilda 49 ta davlatga tekstil mahsulotlari eksport qilingan bo‘lsa, 2022 yilda 57 ta davlatga viloyatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar yetkazib berilmoqda. Tekstil-trikotaj mahsulotlari eksportyorlari esa 2021 yilgi 174 tadan, 2022 yil o‘tgan davrida 201 taga yetdi. Eksport hajmi 2018 yilda 187 million dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yil yakuni bilan 524 million dollarni tashkil etadi.
Tadbirda viloyatda xalqaro GSP+ statusi qo‘lga kiritilgani, O‘zbekiston paxtasi va tekstil mahsulotlariga nisbatan ilgari o‘rnatilgan boykot bekor qilingani to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tildi. Investorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, soliq va bojxona imtiyozlari, sanoat zonalaridagi imkoniyatlar tushuntirildi. Ochilish marosimi va ochiq muloqotdan so‘ng forum ishtirokchilari qariyb 60 taga yaqin mahalliy yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvlari tomonidan tayyorlangan ko‘rgazma bilan tanishdilar. Ikki kun davom etadigan forum doirasida xorijlik investorlar V2V shaklidagi uchrashuvlarda qatnashib, ishlab chiqarish joylariga tashrif buyurishlari ham rejalashtirilgan.
M.Sulaymonov, O‘zA M.Qodirov olgan surat