Farg‘onadagi ilmiy kengashda tilshunoslik sohasida 30 yaqin dissertatsiyalar himoya qilindi
Ilm – fan har bir davlatning bugungi kuni va kelajagini belgilaydigan muhim soha bo‘lib, uning taraqqiyoti, o‘z navbatida jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Prezidentimiz tomonidan oliy ta’limni isloh qilish borasida olib borilayotgan siyosatning asosiy talablaridan biri ham ilmiy salohiyatni oshirish, ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanayotganlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Sohalar bo‘yicha dissertatsiyalar himoyasi o‘tkaziladigan kengashlar avvalgidek faqat Toshkentda emas, viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlarida ham faoliyat ko‘rsatayotganligi hududlardagi tadqiqotchilar uchun juda katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Mamlakatimizning otaxon oliy o‘quv dargohlaridan biri bo‘lgan Farg‘ona davlat universitetida ham 6 ta ixtisoslashgan kengash faoliyatiga ruxsat berilganligini ilm ahli mintaqadagi olim va izlanuvchilar uchun yaratilgan qulaylik sifatida baholamoqda.
Birgina men rahbarlik qilayotgan ilmiy kengash misolida himoya qilinayotgan tadqiqotlar ko‘lami naqadar keng ekanligiga ishonch xosil qilish mumkin.

Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy Kengashga 10.00.01 – O‘zbek tili, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti, 10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi ixtisosliklaridan filologiya fanlari bo‘yicha dissertatsiyalarini himoyaga qabul qilishga ruxsat etilgan. 2020-2021 yillar davomida Kengashda 40 ga yaqin dissertatsiya himoya qilingan bo‘lsa ularning 30 ga yaqinini tilshunoslik sohasidagi tadqiqotlar tashkil etiladi. “O‘zbek tili” yo‘nalishi bo‘yicha tadqiqot mavzularida semasiologiya, lug‘atchilik tarixi va terminologiya, valentlik va sintaktik qurilma, badiiy asarlar lingvopoetikasi, poetik matnning antropotsentrik talqini kabi muhim masalalarni tadqiq etish ustuvorlik qiladi.
“Til nazariyasi” yo‘nalishi bo‘yicha mavzularda jahon tilshunoslgida keyingi yillarda alohida e’tibor qaratilayotgan antropotsentrik tilshunoslik va uning yo‘nalishlari bo‘lgan lingvomadaniyatshunoslik, pragmalingvistika, genderologiya, onomasiologiya kabi tilshunoslik tarmoqlariga qiziqish tobora ortib borayotganligi ko‘rinadi. “O‘zbek adabiyoti” ixtisosligi bo‘yicha himoya qilingan ishlar adabiyot tarixi, nasriy asarlar poetikasi, hozirgi adabiy jarayon masalalarini qamrab olmoqda.
Yuqoridagilar asosida dissertatsiya kengashlarinig viloyatlardagi faoliyati ilm-fan ravnaqiga va oliy o‘quv yurtlari ilmiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilishi bilan birga, ilmiy-tadqiqot bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan iqtidorli va bilimli yoshlar safini kengayishida ham muhim o‘rin tutmoqda.
ABDUG‘OFIR QOSIMOV,
FarDU huzuridagi filologiya
fanlari bo‘yicha ilmiy
darajalar beruvchi Kengash raisi,
filologiya fanlari doktori, professoor