Farg‘onada xonadonlarga quyosh panellari o‘rnatilmoqda
Kelgusi avlodlar uchun tabiiy boyliklarni saqlab qolish va ekologiyani muhofaza qilishning zaruriy sharti qayta tiklanadigan va muqobil energiya manbalarini o‘zlashtirish hisoblanadi.
Joriy yilning 10 iyun kuni Prezidentimiz raisligida iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektorda bu borada aniq vazifalar belgilab berildi. Farg‘ona viloyatida mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Farg‘ona tumanidagi “Mindonobod” va “Novkent”, Yozyovon tumanidagi “Qotortol”, Qo‘shtepa tumanidagi “O‘qchi” mahalla fuqarolar yig‘inlarida joylashgan xonadonlar quyosh panellari o‘rnatish uchun tanlab olindi.

“Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati hamda Farg‘ona, Qo‘shtepa, Yozyovon tumanlari hokimliklari hamkorligida amaliy jarayonlar boshlandi.
Jumladan, dastlabki bosqichda Farg‘ona tumani “Novkent” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi mavjud 426 ta xonadonning 108 tasiga quyosh panellarini o‘rnatish belgilangan.
Bundan tashqari, tumanning “Mindonobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ham 862 ta xonadon mavjud bo‘lib, shundan dastlabki bosqichda 290 ta xonadonga quyosh panellarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Natijada bu ikki hududda qariyb 82-85 foiz elektr energiyasi iste’molini tejashga erishiladi. E’tiborlisi, quyosh panellari o‘rnatilgan xonadonlarga soliq imtiyozlari berilishi ham ko‘zda tutilgan.

Amaliy ishlar bilan bir qatorda bugungi kunda viloyat bo‘ylab aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishlari bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA