Farg‘onada suv tejovchi beton to‘shama ishlab chiqarilmoqda
Keyingi yillarda mavjud suv resurslaridan maqsadli foydalanish, yo‘qotishlarning oldini olishga bo‘lgan e’tibor oshdi. Bu bejiz emas, albatta.
Mutaxassislarning qayd etishicha, yurtimizda suv manbalarining salmoqli qismi qishloq xo‘jaligida ishlatiladi va tabiiy ne’mat irrigatsiya tarmog‘idan aynan dala boshi – ekin maydoniga yetib borgunicha kattagina qismi yo‘qotiladi. Ya’ni samarasiz holda tuproqqa singib ketadi. Buning oldini olish bilan bog‘liq bir qancha istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Xususan, yomg‘irlatib, tomchilatib, diskerli sug‘orish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan loyihalar suv sarfini tejash bilan birga, ekinlar hosildorligini oshirish, harajatlar miqdorini kamaytirish, daromad salmog‘ini ko‘paytirish imkoniyatini beryapti.
Ariqlarni betonlash jarayoni keng tus olgan bugungi kunda Farg‘ona shahridagi “Sayqal” savdo ishlab chiqarish korxonasida o‘rama beton qoplamalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Yuqori markali mahalliy sement qorishmalari yordamida tayyorlanayotgan mahsulotlar har jihatdan samarali, foydalanish uchun o‘ta qulay bo‘lib, to‘rt kishi bir kunda bir kilometrdan ortiq suv ariqlarni mazkur qoplamalar yordamida betonlashtirish imkoniyatiga ega. Bu an’anaviy betoshlashtirishga qiyoslanganda bir necha barobar tez, arzon va uzoq muddat ishlash xususiyati bilan ajralib turadi.
Buning uchun birinchi navbatda ariq tekislanib, keyin unga o‘rama beton yoyib solinadi, uch-to‘rt marotaba suvlangach beton kabi mustahkam bo‘ladi. Undan bir kundan so‘ng bemalol foydalanish mumkin. Bunday beton ariq suvni istalgan manzilgacha isrof bo‘lmay yetib borishini ta’minlaydi. Loyiha doirasida 20 nafar mahalliy yoshlar doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi.
– Bu kabi mahsulotlar shu kunga qadar ko‘plab xorijiy davlatlarda ishlab chiqariladi, ammo uni xarid qilish ortiqcha xarajat, ovoragarchiliklar talab etadi, – deydi korxona rahbari Abdurahmon Niyozov. – Masalan, Angliyada bir kvadrat metr mahsulot uchun 21, Rossiya va Xitoyda 16-14 AQSH dollaridan xarid qilish taklif qilinmoqda. Shu bois mutaxassislarimiz bilan uzoq vaqt davomida ilmiy-amaliy izlanishlar olib borib, belgilangan texnologik me’yor va talablar asosida o‘rama beton ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirdik. Asosan mahalliy xom ashyolardan tayyorlangan mahsulotimizning 1 kvadrat metri 44 ming so‘mni tashkil etadi. U har jihatdan hamyonbop bo‘lib, yaroqlilik muddati 50 yil. Yotqizilgandan so‘ng qoplama tagidan begona o‘t chiqmaydi, turli yoriqlar kuzatilmaydi.
Farg‘ona viloyati hokimligi, Suv xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda dehqon va fermer xo‘jaligi, tomorqa yer egalari ishtirokida o‘rama beton qoplamalardan foydalanish, uning afzalliklari xususida amaliy seminarlar tashkil etildi. Mahsulot ichki bozor, eksportga ham chiqirilyapti. Shu kunga qadar, birgina Rossiyaga 16,5 ming kvadrat metr o‘rama beton qoplamalar eksport qilindi.
– Beton qoplamali o‘ramalar har jihatdan samara berishi bilan e’tiborimni tortdi, – deydi Uchko‘prik tumanidagi “Abdulaziz Mahammadaliyev” nomli fermer xo‘jaligi rahbari Abduxalil Qo‘ziyev. – Fermer xo‘jaligimizdagi 300 metr ichki suv ariqlarini ikki kishi, 2 soatda beton qoplami to‘shamalar bilan qopladik. Sarf-xarajatlar miqdori bir kvadrat metr uchun 50 ming so‘mga to‘g‘ri keldi. Bu miqdordagi suv yo‘lini eski usuldan betonlashtirish uchun 10 ta ish kuchi bilan ikki-uch kunda amalga oshirish mumkin. Yangi usul xarajatlar sarfini uch-to‘rt hissaga kamaytirish imkoniyatini berdi, qulay va tejamkor ekan.
M.Sulaymonov, O‘zA