Farg‘onada Prezident sayloviga puxta tayyorgarlik ko‘rildi
Sanoqli kunlardan so‘ng bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga Farg‘ona viloyatidagi 1 ming 203 ta saylov uchastkalarida puxta tayyorgarlik ko‘rildi.
Saylovchilar ro‘yxati tuzildi, saylov uchastkalari belgilangan talablar asosida jihozlandi. Pandemiya sharotidan kelib chiqqan holda zarur himoya vositalari bilan ta’minlandi.
Prezident saylovini o‘tkazuvchi 11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasi ham samarali faoliyat olib borayotgan bo‘lib, hududda saylov qonunchiligi ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirmoqda. Muhim jarayonni ochiq va shaffoflik asosida o‘tishi uchun saylov uchastkalariga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Okrug saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida joriy yil 14 oktyabr sanasidan boshlangan Prezident sayloviga muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari borasidagi axborotlar tinglandi.

Xususan, saylov uchastkalarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga ovoz berish uchun yaratilgan sharoitlar, ularni saylov jarayonlariga to‘liq qamrab olish masalasiga e’tibor qaratildi.
– bugungi kunda Farg‘ona viloyatida 64 ming nafardan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslar istiqomat qiladi, – dedi O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi Farg‘ona viloyati hududiy bo‘limi raisi O‘g‘iloy Mamajonova.
– Saylov uchastkalariga panduslar, nogironlik aravachalari, ko‘zi ojizlar uchun maxsus kabinalar ajratilgan. Saylov uchastkalariga borolmaydigan, og‘ir ahvoldagi, 1-guruh nogironlari uchun ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamrohligida maxsus transport vositalari ajratilib, ovoz berish byulletenlari bilan ta’minlanadi.
Okrug komissiya a’zolari hamda tashkilot vakillarining muloqotlarini Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi uzoq muddatli kuzatuvchilari Daniela Bottijelli va Minder Martinlar kuzatib bordilar.
M. Sulaymonov, O‘zA