Farg‘onada O‘zbekiston – Belarus ta’lim forumi samarali yakunlandi
Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan “O‘zbekiston – Belarus professional va oliy ta’lim forumi” ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim maydon bo‘ldi. Ikki kun davom etgan forum doirasida tadbirlar, ilmiy-amaliy anjumanlar va uchrashuvlar tashkil etildi.
Forumning ikkinchi kunida “O‘zbekiston va Belarusning ta’lim sohasidagi hamkorligi”, “Ilm-fan sohasidagi hamkorlik” hamda “Professional kadrlar tayyorlash tizimida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish” kabi yo‘nalishlarda ishchi sessiyalar bo‘lib o‘tdi. Ularda ikki mamlakatning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, ilmiy tadqiqot institutlari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Sessiyalar doirasida ta’lim va ilm-fan sohalaridagi o‘zaro hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilinib, akademik almashinuvlar, qo‘shma ilmiy loyihalar va tahsil jarayonida innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ta’lim sohasidagi eksport imkoniyatlari, muntazam seminar va tajriba almashuvlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Forum doirasida ishtirokchilar Farg‘ona viloyatining Rishton tumaniga tashrif buyurib, mashhur kulolchilik ustaxonalari va milliy hunarmandchilik markazlari faoliyati bilan tanishdi. Mehmonlar tabiiy glazur texnologiyasi va milliy naqshlar yuksak san’at namunasi ekanini e’tirof etdi. Belaruslik mutaxassislar tomonidan hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilish, qo‘shma ko‘rgazmalar va madaniy almashinuv loyihalarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Rishton kulolchiligini xalqaro brend sifatida targ‘ib etish g‘oyasi forum ishtirokchilari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi.
Forum doirasida Farg‘ona viloyati rus drama teatrida Belarus delegatsiyasi a’zolari Aleksandr Sergeyevich Pushkinning “Qishloqi oyimqiz” asari asosida sahnalashtirilgan spektaklni tomosha qildi. Tomosha davomida aktyorlarning mahoratli ijrosi, sahna bezaklari va musiqiy ohanglar uyg‘unligi ishtirokchilarda katta estetik taassurot qoldirdi.

Mehmonlar tomonidan O‘zbekistonning boy madaniy hayoti va ijodiy salohiyati yuqori baholandi.
Tadbir yakunida ikki tomonlama tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va amaliy mexanizmlarni shakllantirishga qaratilgan takliflar ilgari surildi. Ishtirokchilar ta’lim sohasidagi aloqalarni strategik yo‘nalish sifatida rivojlantirish, uni barqaror va samarali yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

Forumning yuqori saviyada tashkil etilgani, mazmunli muloqot va do‘stona muhitda o‘tgani mehmonlar tomonidan alohida e’tirof etildi. Belarus delegatsiyasi Farg‘ona davlat universiteti jamoasiga ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor etdi.
Ushbu forum ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan sohasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim o‘rin tutadi va kelgusidagi hamkorlik aloqalari uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA