Farg‘onada Ombudsman qabuli o‘tkazildi (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova Farg‘ona viloyatining Quva tumanida aholi vakillari bilan uchrashib “O‘zbekistonning kuchli ijtimoiy siyosatida aholini qo‘llab-quvvatlash” mavzuida “Ombudsman maktabi”ning navbatdagi mashg‘ulotini o‘tkazdi.
Unda so‘zga chiqqan Feruza Eshmatova Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklariga e’tibor mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani, yangilangan Konstitutsiyada har bir insonning huquqlari ustuvor ekanligi belgilangani, davlat fuqarolarga nisbatan adolatli va teng munosabatda bo‘lishni kafolatlagani haqida gapirdi.

– Inson qadrini yuksaltirish davlat hokimiyati organlarining Konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasiga aylandi, – dedi ombudsman.
Ombudsmanning ta’kidlashicha, 2024 yilda unga 24 ming murojaat bo‘lgan. Ammo Farg‘ona viloyatidan murojaatchilar juda kam – 1140 ta bo‘lgan, xolos.


Agar O‘zbekistonda Ombudsman instituti 1995 yilda tashkil topgan bo‘lsa, uning mintaqaviy vakilligi 2022 yildan buyon faoliyat yurityapti. 2024 yilda uning Farg‘ona mintaqaviy vakiliga 266 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida tashkilotlarga 4 ta xulosa va 4 ta da’vo arizasi kiritilib, ularning barchasi qanoatlantirildi.


Shundan so‘ng aholining muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun ularga uy-joy sotib olishda subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risida, aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda ularning samarasini oshirishda Ijtimoiy himoya milliy agentligining asosiy vazifalari haqida ma’ruzalar qilindi. Savol-javoblardan so‘ng “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida hamda, fuqarolarga pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya to‘lovlari va boshqa to‘lovlarni tayinlash tartibi yuzasidan mutaxassislar tushuntirish ishlarini olib bordilar.

“Ombudsman maktabi” loyihasining uchrashuvi nihoyasida Feruza Eshmatova fuqarolarni yakka tartibda qabul qildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-Nxg7uCpp7I" title="Farg‘onada Ombudsman qabuli o‘tkazildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov (surat, video), O‘zA