Farg‘onada ko‘p qavatli uylar orasidagi qurilishlar nega to‘xtatildi?
Aholi bilan muloqot va sayyor qabullar davomida ko‘p qavatli uylar orasida qurilayotgan inshootlar borasida haqli e’tiroz va murojaatlar bo‘ldi.
Prezidentimizning Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Farg‘ona shahar Shodiyona mahallasiga kutilmaganda borib, bu yerda aholi bilan uchrashuvi va mavjud holatning o‘rganganligi hududlarda ko‘plab muammolar borligini ko‘rsatdi. bugungi kunda viloyat hokimi boshchiligida har bir mahalla fuqarolar yig‘ini “mahallabay” o‘rganilyapti, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash choralari ko‘rilyapti.
Aholi bilan muloqot va sayyor qabullar davomida ko‘p qavatli uylar orasida qurilayotgan inshootlar borasida haqli e’tiroz va murojaatlar bo‘ldi. Viloyat rahbari mutasaddilarga mazkur qurilishlarni to‘xtatish, qonuniyligini o‘rganish hamda bunday qurilishlarga ruxsat berish bilan bog‘liq qarorlarni bekor qilish yuzasidan topshiriq berdi.
Xo‘sh, nega ko‘p qavatli uylar orasidagi qurilishlar to‘xtatildi? Uylarni qurayotgan tadbirkorlarning huquq va manfaatlari qanday himoya qilinadi?
Bugun viloyat hokimligi axboroti xizmati tomonidan tashkil etilgan brifingda viloyat hokimi o‘rinbosari Dilshod Hojiahmedov, Farg‘ona shahar hokimi Mirzohid Ubaydullayev va shahar prokurori Dilmurod Qobulov tomonidan bu boradagi ishlar haqida axborot berildi.
-Darhaqiqat, olib borilayotgan o‘rganishlar davomida ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolar tomonidan mazkur uylar orasida yangi qurilayotgan binolar noqulayliklar keltirib chiqarayotgani, bolalarni ochiq havoda o‘ynashlari, keksalar va nuroniylar uchun sayr qilishga imkoniyat qolmayotganligi haqida murojaatlar tushdi, -deydi shahar hokimi.

–Bu e’tirozlardan kelib chiqib, ko‘p qavatli uylar orasida olib borilayotgan qurilishlar qonuniy o‘rganib chiqilib, xulosa taqdim etilgunga qadar vaqtincha to‘xtildi. Hozirda bu boradagi hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan chuqur tahlil qilinyapti. Ayrim ob’ektlar bo‘yicha mahalliy hokimiyat tomonidan qabul qilingan qarorlarni bekor qilish, ayrimlarini qonunga muvofiqlashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Ko‘p qavatli uylar orasida rejalashtirilayotgan uylarning qurilishini to‘xtatish va unga qonuniy baho berishga bir qator omillar sabab bo‘lgan.
Birinchidan, shaharsozlik qoidalariga ko‘ra, ko‘p qavatli uylar orasida bolalar uchun maydonchalar va o‘smirlarni sport bilan shug‘ullanishlariga maydonlar, aholini dam olishi va sayr qilishi uchun ko‘kalamzorlashtirilgan hududlar tashkil etilgan bo‘lib, yangi qurilishlar natijasida aynan mana shu inshootlar buzib yuborilgan.
Yangi qurilishlar ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga jiddiy zarar yetkazmoqda. Shu bois ayni kunlarda qurilishlar to‘xtalib, buzib yuborilgan bolalar maydonchalari qayta tiklanmoqda, sog‘lomlashtirish yo‘laklari barpo etilyapti, hududlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bajarilyapti. Shuningdek, avtoturargohlar, sayr qilish uchun xiyobonlar tashkil qilinmoqda.
Albatta, mazkur ishlarni amalga oshirishda tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlariga zarar yetkazmaslik choralari ko‘rilgan. Qarorlar qabul qilingan, lekin qurilishi boshlanmagan hamda endigina qurilishga kirishgan tadbirkorlarga boshqa hududlardan yer maydonlari taklif etilmoqda.
Farg‘ona shahrining bosh rejasi va urbanizatsiya dasturiga ko‘ra, Nurafshon ko‘chasidagi Mustaqillik shaharchasi va Aeroport ko‘chasida bunyod etilayotgan mavzeda yangi turar joylar barpo etilmoqda. Shuningdek, Farg‘ona tumanidan shaharga qo‘shilayotgan 300 gektar yer maydoniga Turkiya va Janubiy Koreya davlatlarining loyiha institutlari bilan hamkorlikda yo‘ldosh shaharchaning bosh rejasi ishlab chiqilyapti. Tadbirkorlar bu yerda qurilish ishlarini olib borishlari mumkin.
Shahar prokuraturasi tomonidan hozirga qadar 20 dan ortiq mahallalarda qurilish ishlari o‘rganib chiqildi.
M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA