Farg‘onada hapkido bo‘yicha Osiyo ochiq chempionat boshlandi
Farg‘ona shahrida hapkido sport tyri bo‘yicha kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida Osiyo ochiq chempionati boshlandi.
Farg‘ona viloyati hokimligi, Sportni rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi va Hapkido federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada yurtimiz vakillaridan tashqari, Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, Belarus, Isroil, Hindiston, Nepal, Shri-Lanka kabi davlatlardan qariyb 400 nafar sportchi ishtirok etmoqda.
Ochilish marosimida Xalqaro Hapkido federatsiyasi prezidenti O Se Lim, viloyat hokimi o‘rinbosari Jamshid Hatamov mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilayotgan hapkido bo‘yicha Osiyo chempionati ishtirokchilariga omad tiladi.
[gallery-7812]
Keyingi yillarda Farg‘ona katta sport musobaqalariga mezbonlik qilib, umidli sportchilarni kashf etmoqda. Xususan, o‘tgan yilda 20 ta xalqaro hamda 35 ta Respublika musobaqalari o‘tkazilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 15 ta xalqaro, shuningdek 18 ta Respublika musobaqalari tashkil etildi.
Jumladan, sportning voleybol, futbol, boks, milliy hamda belbog‘li kurash sport turlaridan dzyudo, yunon rum, velosport, aralash jang san’ati va boshqa olimpiya va milliy, noolimpiya sport turlaridan o‘tkazilayotgan nufuzli sport musobaqalariga viloyat mezbonlik qilib kelmoqda. Shular qatoriga bugun hapkido sport turi ham qo‘shildi.
Hapkido Federatsiyasi mamlakatimizda 2010 yilda, Farg‘onada 2017 yilda tashkil topgan. bugungi kunda yurtimizda yuzdan ortiq murabbiylar ushbu sport turining sir-asrorlarini yoshlarimizga o‘rgatmoqda. Musobaqaga start berilib, sportchilar qizg‘in bahsga kirishdi.
M. Sulaymonov,
M.Qodirov olgan surat