Farg‘onada energetika tizimidagi muammolar bartaraf etilmoqda
Farg‘ona viloyatida mavjud energetika tizimidagi muammolarni zudlik bilan bartaraf etish, aholini tabiiy gaz va elektr energiya bilan ta’minlash maqsadida barcha choralar ko‘rilmoqda. Kommunal idoralar tomonidan avariya holatlari bo‘yicha tunu kun ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Gazdan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish bo‘yicha reydlar o‘tkazilmoqda.

“Ko‘mirta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati Farg‘ona filiali tomonidan viloyatning gazlashtirilmagan hududlarida yashovchi aholiga mahallalarning buyurtmasi asosida ko‘mir mahsulotlari tarqatilmoqda. Hozirgi kunda 8 ta ko‘mir ombori faoliyat yuritmoqda. Bir kunda o‘rtacha 1500-2000 tonnaga yaqin ko‘mir mahsulotlari (1 kg ko‘mir narxi 300,3 so‘mdan) tarqatilmoqda.

Aholiga ko‘mir tarqatishda mahalla raislari bilan birgalikda grafik ishlab chiqib, aholiga tartib bo‘yicha tarqatib kelinmoqda.Shu kungacha aholiga jami 89 ming 167 tonna ko‘mir berildi. Kechaning o‘zida omborlarga jami 50 ta vagon (3 ming 450 tonna) keldi. Bundan tashqari, yana yo‘lda 50 ta vagon bor.
M.Sulaymonov, O‘zA