Farg‘onada 1203 ta saylov uchastkalari tuzildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasining bugun bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida okrug hududida saylov uchastkalarini tuzish va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish ishlari qizg‘in davom etmoqda. 11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasi faoliyati uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov Kodeksining 10 va 22- moddalariga asosan okrug saylov komissiyasi o‘z vakolatidan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov uchastkalari shaharlar va tumanlar hokimlari taqdimnomalaridan kelib chiqqan holda tuzilishi belgilangan. Saylovchilarga mumkin qadar ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida saylov uchastkalari tumanlarning, shaharlarning, shaharlardagi tumanlarning chegaralari inobatga olingan holda tuziladi.

Majlisda tuman va shaharlar hokimliklari, harbiy qismlar komandirlari taqdimnomasi asosida okrug bo‘yicha 1 ming 203 ta saylov uchastkasi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Saylov uchastkalaridan 888 tasi umumta’lim maktablari, 75 tasi texnikum, kasb-hunar maktabilari, 13 tasi oliy o‘quv yurtlari, 40 tasi mahalla fuqarolar yig‘inlari, 1 tasi savdo markazi, 2 tasi sanatoriylar, 57 tasi tibbiy muassasalari, 1 tasi qamoqda saqlash joylari, 14 tasi harbiy qismlar, 53 tasi madaniyat va sport markazlari, 27 tasi ishlab chiqarish va tadbirkorlik sub’ektlari hamda 32 tasi boshqa binolarda joylashgan.
– Saylov kampaniyasida saylovchilarni saylovda ishtirok etishini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan muhim bo‘g‘in – bu okrug va uchastka saylov komissiyalari hisoblanadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasi raisi Erkinjon Nuraliyev. – Shundan kelib chiqib, okrug saylov komissiyasining saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ish rejasi ishlab chiqilib, siyosiy jarayonga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Shuningdek, matbuot markazi tashkil etilib, faoliyat ko‘rsatishni boshladi.

Saylov uchastkalari tartib raqami, joylashgan yeri va ovoz berish binosi, telefon raqamlari ko‘rsatilgan holda mahalliy matbuotda e’lon qilinadi.
M. Sulaymonov,
M. Qodirov (surat), O‘zA