Farg‘ona yoshlari faol, tashabbuskor
Farg‘onada Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbirlari minglab o‘g‘il-qizlarga xushnudlik ulashdi. Farg‘ona shahridagi "Afrosiyob" tantanalar majmuasida viloyat bayram tadbirida turli sohalardagi eng faol yoshlar jam bo‘ldi.
Tadbirni ochib bergan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston yoshlariga bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Viloyat yoshlarini bayram bilan qutlagan Xayrullo Bozorov davlatimiz rahbari tomonlaridan olib borilayotgan davlat siyosatida yoshlarning salohiyatini rivojlantirish va ro‘yobga chiqarishga ulkan e’tibor qaratilayotganini qayd etib, viloyatda ham bu masala har bir rahbar oldidagi ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.


O‘z so‘zida ma’rifatparvar bobomiz Fitratning “Bu dunyo kurash maydonidir. Sog‘lom tan, o‘tkir aql va yaxshi axloq bu maydon qurolidir”, degan so‘zlarini keltirib o‘tgan viloyat rahbari azaldan ilm-u fan, madaniyat va ma’rifat zamini bo‘lgan Farg‘ona yoshlari, milliy qadriyatlarimizga suyangan holda, o‘z bilim va yutuqlari bilan har sohada qolgan tengdoshlariga namuna bo‘lishlariga ishonch bildirdi.

Viloyatda turli sohalarda faoliyat olib borayotgan, har jabhada ilg‘or, o‘z tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan bir guruh yoshlarga viloyat hokimining tashakkurnomalari va sovg‘alar topshirildi.
Tadbir davomida viloyatning taniqli san’atkorlari ijrosida yangragan dilrabo kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga o‘zgacha ko‘tarinkilik va yuqori kayfiyat ulashdi.

Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr-konsert saroyi ochiq maydonida san’atkorlar va yosh iste’dodlar ishtirokida katta konsert dasturi tashkil etildi.
Viloyat hokimligi hamda mutasaddi idoralar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda o‘n ming nafardan ziyod farg‘onaliklar hamda viloyat mehmonlari ishtirok etdi.

Muhsin Mo‘minov, Otabek Muhammadzohid kabi taniqli san’atkorlar, ashula va raqs ansambllari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga yuqori kayfiyat bag‘ishladi.

Shahar uzra porlagan rang-barang mushaklar dasturga o‘ziga xos yakun bo‘ldi.
M.Sulaymonov, O‘zA