Farg‘ona vodiysi energetiklari tajriba almashdi
Andijonda “Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi tashabbusi bilan "Har bir oqib o‘tayotgan elektr energiyasining hisobi bor" mavzusida seminar hamda press-tur o‘tkazildi.
Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari hududiy elektr tarmoqlari korxonalari mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirok etgan tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, tizimda joriy etilayotgan yangiliklar xususida atroflicha so‘z yuritildi.

– Mazkur seminarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad Farg‘ona vodiysi viloyatlari energetiklari hamkorligini mustahkamlash, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Ro‘ziqul Rayimov.

– Xususan, vodiy viloyatlarida past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya va rekonsruksiya qilish, Davlat dasturlari ijrosini ta’minlash, aholi murojaatlari bilan ishlash va boshqa qator yo‘nalishlarda e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Tadbir doirasida ana shu ishlar bilan yaqindan tanishildi, ilg‘or ish tajribalari o‘rganildi, o‘zaro tajriba almashildi. Qolaversa, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonlari, olib borilayotgan ishlar bilan keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirish ko‘zda tutilgan.

Dastlab tadbir ishtirokchilari “Andijon HETK” AJ Call-markazi, tezkor dispetcherlik hamda elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi ma’lumotlar almashinuv markazlarida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Shundan so‘ng, sohada olib borilayotgan xususan, aholi bilan bevosita olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish uchun ishtirokchilar Andijon shahridagi Islomobod mahallasida bo‘ldi. Mazkur mahallada iste’molchilarga sifatli elektr energiyasi yetkazib berish, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ning joriy etilishi, aholi bilan ishlash borasidagi tizimli ishlar bilan tanishtirildi.

Andijon shahridagi Islomobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 1 ming 308 ta aholi xonadoni hamda 30 dan ortiq ulgurji iste’molchi mavjud bo‘lib, ularni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida joriy yilning o‘tgan davrida mahalla ko‘chalariga 206 dona temir-beton ustun o‘rnatilib, 13,5 kilometr uzunlikdagi yangi elektr tarmog‘i tortildi. Bundan tashqari, mavjud transformator punktlari mukammal ta’mirlandi.

Andijon shahri elektr t’minoti korxonasi boshlig‘i Ozodbek Akbarov hududda elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarini ta’mirlash, modernizatsiya qilish ishlari, ASKUE tizimi joriy etilishining afzalliklari, foydalanilgan elektr energiyasi uchun pul tushumlarining ortishi haqida batafsil ma’lumot berdi.

– Seminar davomida andijonlik hamkasblarimizning ilg‘or ish tajribalari bilan yaqindan tanishdik, – deydi Namangan viloyati Pop tumani elektr tarmoqlari korxonasi katta ustasi Azamat Abdullayev. – Qolaversa, faoliyatimizni samarali yuritish yuzasidan ko‘p ma’lumotlar oldik. Bu albatta, kelgusidagi ishlarimizni yanada samarali olib borishda yaqindan yordam beradi.

Seminar va press-tur doirasidagi muloqotlar davomida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga soha mutaxassislaridan batafsil javob oldi.


F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA