Farg‘ona va Botken viloyatlari hamkorligi yanada kengaymoqda
Farg‘ona viloyati qo‘shni davlatlarning chegaradosh hududlari bilan barcha sohalarda hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlamoqda.
Xususan, Qirg‘izistonning Botken viloyati o‘rtasidagi bordi-keldilar yanada samarali bo‘lmoqda. Botken viloyati gubernatorining birinchi o‘rinbosari Ma’rufxan Tulayev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari investitsiya va savdo-iqtisodiy sohalarda hamkorlikni rivojlantirish maqsadida viloyatda bo‘ldi. Ikki viloyat ishbilarmonlarining uchrashuvida istiqbolli yo‘nalishdagi loyihalar muhokama qilindi.


Mehmonlar Farg‘ona, Marg‘ilon, Quvasoy shaharlari, Toshloq, Oltiariq, Yozyovon Qo‘shtepa, Farg‘ona tumanlaridagi to‘qimachilik korxonalari faoliyati hamda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Xususan, Farg‘ona shahridagi sobiq mexanika zavodi hududida joylashgan “Forestcolor” va “Ferghana Wonderland textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yo‘lga qo‘yilgan to‘qimachilik mahsulotlarini tayyorlash jarayonlari, gilam ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Ferantep Gilam” qo‘shma korxonasi faoliyati qirg‘iz ishbilarmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Marg‘ilon shahridagi “Rashid tex” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan tayyor to‘qimachilik mahsulotlari eksporti ko‘rsatkichlari, “Marg‘ilon Umar teks” korxonasidagi paypoq ishlab chiqarishda erishilayotgan yutuqlar haqida ham mehmonlarga ma’lumotlar berildi. “Merfen” mas’uliyati cheklangan jamiyatining xorij mahsulotlari bilan narxda ham sifatda ham raqobatlashishga qodir poyabzal mahsulotlari ham delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi.



Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida Farg‘ona shahrida "Uz-Segang" qo‘shma korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan meva va sabzavotlarni saralash va qadoqlash ishlari, Yozyovon tumanidagi baliqchilikni rivojlantirish maqsadida olib borilayotgan tadbirlar ham mehmonlar e’tiboriga havola etildi. Kun davomida qirg‘iz delegatsiya a’zolari viloyat hududlarida ko‘plab ishlab chiqarish markazlari, to‘qimachilik korxonalari hamda qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlarga guvoh bo‘ldi. Farg‘onalik tadbirkorlar jalb etilgan Marg‘ilon shahridagi Raqamli texnologiyalar markazida o‘tgan yakuniy uchrashuvda ikki tomon vakillari hamkorlikni kengaytirish, istiqbolli loyihalarni birgalikda yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari bo‘yicha kelishib oldilar.
M.Sulaymonov, O‘zA