Farg‘ona mevalariga jahon bozorida talab ortmoqda
Farg‘ona viloyati hokimligi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, O‘zbekiston Eksportchilari uyushmasi hamda O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi - UzTest DUK bilan hamkorlikda “Meva-sabzavot mahsulotlari eksport hajmini oshirishda zamonaviy qadoqlashning o‘rni” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Farg‘ona shahridagi Tadbirkorlar uyida tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi soha vakillari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanuvchi korxona rahbarlari, dehqon-fermerlar va tadbirkorlar ishtirok etdi.

Ma’lumki, Farg‘ona viloyati meva va sabzavotlar eksportida mamlakatimizda yetakchi o‘rinda turadi. Sohaga qaratilayotgan e’tibor va yaratib berilayotgan imkoniyatlar samarasida viloyatda eksport hajmi yil sayin ortmoqda. Buni raqamlarda ham ko‘rish mumkin. Misol uchun, Farg‘ona viloyatida 2023 yilda 220 million dollarlik meva va sabzavotlar eksport qilingan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 327 million dollarga yetkazilgan. Dunyoning 40 ga yaqin davlatlariga Farg‘onaning unumdor tuprog‘ida pishib yetilgan meva va sabzavotlar yetib borgan.

Ochiq muloqotda ana shu kabi natijalar alohida qayd etildi hamda eksportyorlar oldidagi muammo va vazifalarga e’tibor qaratildi.

Dunyo bozori talabchan. Eksport qilinayotgan meva va sabzavotlar sifati asosiy o‘rinda tursa, mahsulotlar qadog‘i, yorlig‘i ham ularni import sifatida qabul qilayotgan mamlakatlarda alohida ahamiyatga ega. Yurtimizdan xorij bozorlariga chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari o‘zimizning oddiy yashik va shu kabi idishlarda yetkazib berilardi. Bu esa mahsulotlar tan narxiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmagan. Bugun dunyo bozoriga uning talablari asosida kirib borish maqsad qilingan va bu borada dastlabki qadamlar tashlandi.


Tadbirda meva-sabzavot mahsulotlarining eksportini kengaytirish, sifatli qadoqlash hamda ularni eksport qilishda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining “Agroko‘makchi” mobil ilovasida yaratilgan qulayliklar hamda undan foydalanish to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Nazorat organlarining mutaxassis xodimlari tomonidan meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishdagi talablar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha tushuntirildi.
M.Sulaymonov, O‘zA