Farg‘ona ishsizlikdan xoli hududga aylanmoqda
Bu hayotda inson baxtli yashashga, mehnatining rohatini ko‘rishga haqli. Albatta, bunda uning munosib daromad topishi muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda aholining bandligini ta’minlash va daromadini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangani bejiz emas. Xususan, Prezidentimiz topshirig‘i asosida viloyatimizni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish borasidagi keng ko‘lamli ishlarning pirovard maqsadi aholini hayotdan rozi qilishdir.
Barchamizga yaxshi ma’lum, ishlagan, ishdan qochmagan va ishtiyoqi baland kishilar islohotlarning oldingi saflarida bo‘lishadi. Viloyatimiz aholisi bu borada juda faol bo‘lib, mehnatsevarligi, tadbirkorligi bilan yurt ravnaqiga hissa qo‘shmoqda.Mahallalarda ishning ko‘zini biladigan tadbirkorlar safi kengayib, barcha jabhalarda ish o‘rinlari yaratilyapti. Asosiysi, ishlayotgan kishi mehnatiga yarasha daromad olmoqda. Birgina Quva tumanidagi mahallalarda oilalar o‘z tomorqalaridan samarali foydalanib, o‘rtacha 200-300 million so‘m daromad olayotgani buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Ayni kunlarda viloyatda ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan barcha zarur choralar ko‘rilmoqda. Kambag‘allikni qisqartirishning eng asosiy mexanizmi bu aholini daromadli ish bilan ta’minlashdir.

Bugungi kunda viloyat aholisi 4 milliondan ziyodni tashkil etib, 1,6 million nafarining bandligi ta’minlangan.Viloyatni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish maqsadida joriy yilda 328,5 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. O‘tgan davr davomida 92 mingdan ziyod fuqaroning bandligi ta’minlandi. Xususan, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali 53 ming 200, investitsiya va mahalliy sanoat loyihalari hisobiga 8 ming 400 ta ish o‘rni yaratildi.
Aholi bandligini ta’minlash, ishsizlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida 15 ming nafar ishsiz, kam ta’minlangan “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan oilalarning ishsiz a’zolari hamda mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarning bandligi ta’minlandi. Mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitish orqali aholi bandligini oshirish va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishlariga ko‘maklashish maqsadida kasb-hunarga o‘qitish kurslariga 4 ming 371 nafar ishsiz fuqaro jalb etildi.

Bugungi kunda Farg‘ona shahar, Quva, O‘zbekiston, Buvayda tumanlarida band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi “Ishga marhamat” monomarkazi, Farg‘ona shahrida “KOICA” kasb-hunarga o‘qitish markazi hamda Farg‘ona tumani kasb-hunarga o‘qitish markazi va viloyatning 20 ta mahallasida kasb-hunarga o‘qitish maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 143 marotaba bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari o‘tkazilib, 2 ming 147 nafar kishiga doimiy ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi. Hokim yordamchilari tomonidan taqdim etilgan tavsiyanomalar asosida 266 nafar ishsizga, ayniqsa, yoshlar, ayollar va ijtimoiy ehtiyojmand aholini ish bilan band qilish maqsadida bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan zarur subsidiya mablag‘lari ajratildi.
Joriy yilning birinchi choragida mavjud kambag‘al oilalarning mehnatga layoqatli a’zolarini daromadli ish bilan ta’minlash orqali 5 ming 20 ta oila va ulardagi 14 ming 870 nafar aholi kambag‘allikdan chiqarildi. Natijada kambag‘allik darajasi 0,4 foizga qisqartirildi. Hali mazkur yo‘nalishda amalga oshiriladigan ishlarimiz juda ko‘p.
Davlatimiz rahbari tomonidan ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Bu borada Farg‘ona tajribasini yaratib, har bir yurtdoshimizni hayotdan rozi qilishni o‘zimizga asosiy maqsad qilib belgilab olganmiz.
Maxsudali Saydullayev,
Farg‘ona viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va
bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA