Farg‘ona davlat texnika universitetida qabul jarayonlari bilan tanishtirildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona davlat texnika universitetida 2026/2027 o‘quv yili uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani va press-tur o‘tkazildi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda davlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida universitet qabul komissiyasining mas’ul kotibi Aziz Xo‘jayev yangi o‘quv yili uchun qabul jarayonlari, yangidan ochilgan ta’lim yo‘nalishlari hamda ajratilgan qabul kvotalari xususida ma’lumot berdi.
Universitet rektori, professor Rustam Tojiyev ta’kidlaganidek, qabul jarayonlarining ochiqligi, shaffofligi va adolatliligini ta’minlash maqsadida qabul komissiyasi qayta shakllantirilib, uning tarkibiga tajribali va malakali mutaxassislar jalb etilgan. Abituriyentlar hamda ularning ota-onalariga qulaylik yaratish maqsadida «Call center» va «Maslahat markazi» tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda 20 nafardan ortiq mas’ul xodim murojaatlarga tezkor javob bermoqda.
[gallery-30128]
Tadbir yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
Press-tur davomida ishtirokchilar qabul jarayonlarida korrupsiyaning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda xavfsiz ta’lim muhitini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shuningdek, ular Sun’iy intellekt laboratoriyasi, Axborot-resurs markazi, Masofaviy ta’lim markazi hamda barpo etilayotgan «Airoinjinering» texnoparki faoliyatini ko‘zdan kechirdi.
Qayd etilganidek, «Airoinjinering» texnoparki qishloq xo‘jaligi sohasiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi. Loyiha doirasida zamonaviy laboratoriyalar, tajriba maydonlari va innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish uchun zarur infratuzilma yaratilmoqda.
2025-yil oktabr oyida boshlangan qurilish ishlari yakunlangach, mazkur texnopark universitetning ilmiy va innovatsion salohiyatini yanada oshirish, talabalar hamda yosh tadqiqotchilarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, agrar sohada ilg‘or yechimlarni keng joriy etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA