Farangizda Barchinoyga xos shijoat bor
Qarshi pedagogika kolleji 3-bosqich oʻquvchisi Farangiz Xolmurodova olti yildan buyon kurashning dzyudo turi bilan shugʻullanadi.
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni
Qarshi pedagogika kolleji 3-bosqich oʻquvchisi Farangiz Xolmurodova olti yildan buyon kurashning dzyudo turi bilan shugʻullanadi. Oʻtgan vaqtda u koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritdi. Oʻz vazn toifasida ikki karra Oʻzbekiston chempioni, uch karra Osiyo chempionligiga sazovor boʻldi.
Oʻzbek qiziga kurash tushish biroz erish tuyulishi mumkin, ammo polvonlik Farangizning qonida bor. Ota-bobolari ham davralarda kurash tushgan.
– Bolaligimdan kurash tushishga qiziqar edim. Qiz bola boʻlsam-da, mahallamiz bolalari bilan doim bellashardim, – deydi Farangiz Xolmurodova. – Bu xislat otamdan oʻtgan. U yoshligida koʻp bora kurash musobaqalarida qatnashgan, yutuqlarga erishgan. Qiziqishimni payqab qolgan otam oʻzi xohlamasa-da, qoʻlimdan yetaklab kurash zaliga olib borgan. Shu-shu kurashchi boʻlib ketdim. Aytish kerakki, sport jins tanlamaydi. Hammasi oʻzingga bogʻliq. Bir kun mashgʻulotlarga qatnashmasam, oʻzimni yomon his qilaman. Hatto dam olish kunlari ham zalga bir kelib ketaman. Musobaqalarda jarohat olgan paytlarim ham koʻp boʻlgan. Shunday damlarda oyim meni qaytarmoqchi boʻladilar. Lekin otam dalda beradilar. Umuman, kurash hayotim mazmuniga aylanib qolgan.
Qashqadaryo azaldan polvonlar yurti. Ular koʻrsatgan qahramonliklar ertaklarda, dostonlarda kuylangan. Bugun Farangiz mana shunday milliy anʼanalarimizni davom ettirib kelmoqda. Hozir u murabbiyi bilan Qarshi shahri mezbonlik qiladigan yoshlar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionatiga tayyorgarlik koʻrmoqda.
– Farangiz isteʼdodli shogirdlarimdan, – deydi uning murabbiyi sport ustasi Fozil Xolbozorov. – 6 yildan buyon qoʻl ostimda shugʻullanadi. Dastlabki 3 oydayoq musobaqalarda faxrli oʻrinlarni qoʻlga kirita boshlagan. Mashaqqatsiz natijaga erishib boʻlmaydi. Mashgʻulotlarda qiyinchilik boʻladi, albatta. Eng muhimi, Farangiz juda irodali qiz. Magʻlubiyatga uchragan paytlarda ham tushkunlikka tushmaydi. Ularni sabot bilan yengadi.
Aytish joizki, dzyudo boʻyicha viloyat yoshlar va oʻsmirlar terma jamoasida 500 ga yaqin oʻgʻil-qiz mashgʻulotlarda qatnashmoqda. Ular orasida Farangiz kabi intiluvchan, irodali sportchilar koʻp. Buni ular oʻtgan yili qoʻlga kiritgan yutuqlardan ham bilish mumkin. Xususan, oʻtgan yili viloyat terma jamoasi aʼzolari dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston chempionatida 12 ta oltin, 17 ta kumush va 24 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi. Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan xalqaro turnirda esa 1 ta oltin, 2 ta bronza medaliga ega boʻlib, jamoa hisobida toʻrtinchi oʻrinni egalladi.
Bugun mamlakatimizda yoshlarni sportning ommaviy turlariga jalb etish, buning uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hatto olis va chekka qishloqlarda ham muhtasham sport majmualari barpo etilib, zamonaviy jihozlanmoqda. Yaratilayotgan bunday imkoniyatlar, oʻz navbatida, yoshlarning sportga qiziqishi ortishiga xizmat qilmoqda. Pirovardida koʻplab sportchi yoshlarimiz qitʼa va jahon chempionatlarida, Olimpiya oʻyinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, bayrogʻimizni yuksaklarga koʻtarmoqda. Farangiz Xolmurodova kabi yosh va umidli sportchilar faoliyati buning yorqin tasdigʻidir.