Faoliyatimizga yangicha ruh bagʻishlaydi
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasini bevosita koʻrgan va eshitgan har bir inson oʻziga xos taassurotga ega boʻldi, oʻrinli xulosalar chiqara oldi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasini bevosita koʻrgan va eshitgan har bir inson oʻziga xos taassurotga ega boʻldi, oʻrinli xulosalar chiqara oldi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, zamonaviy dunyoda raqamli texnologiyalar barcha sohalarda hal qiluvchi rolni oʻynaydi.
2019-yilda Oʻzbekiston axborot kommunikatsiyasi va texnologiyalarni rivojlantirish xalqaro indeksiyada oʻz pozitsiyasini 8 pogʻonaga yaxshiladi, ammo u boshqa davlatlardan hamon ortda qolmoqda.
Prezidentimiz ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha vazifalarni belgilab berar ekan, joriy yilda “raqamli iqtisodiyot”ni rivojlantirish boʻyicha tub burilish qilishimiz lozimligiga alohida toʻxtaldi. Shu bilan bir qatorda, qurilish, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi, transport, geologiya, kadastr, sogʻliqni saqlash, taʼlim, arxiv sohalarini toʻliq raqamlashtirish lozimligini qayd etdi.
Bu vazifalarni koʻzda tutgan holda “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” dasturini ishlab chiqishni ikki oy muddatda yakunlash, kelgusida bu ishlarni tizimli tashkil etishga bosh-qosh boʻlish uchun Hukumatda Bosh vazir oʻrinbosari, vazirlik va idoralarda hamda hokimliklarda esa alohida oʻrinbosar lavozimlari joriy etiladi. Shu bilan birga, “Elektron hukumat” tizimini, amalga oshirilayotgan dasturlar va loyihalarni tanqidiy qayta koʻrib chiqib, barcha tashkiliy va institutsional masalalarni kompleks hal etish asosiy masalalardan biriga aylanmoqda.
Toshkent shahrida zamonaviy infratuzilmaga ega boʻlgan “IT-park” barpo etilgani va hozirgi kunda u oʻzining dastlabki natijalarini bera boshlagani xususida gap borar ekan, joriy yilda bunday “IT-park”lar Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida ham tashkil etilishi axborotlashtirish sohasida tub oʻzgarishlar boʻlishidan dalolatdir.
Soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida xorijiy hamkorlar bilan birgalikda “1 million dasturchi” loyihasining amalga oshirilishi esa yosh iqtidorlarning innovatsion gʻoyalarini hayotga tatbiq etilishiga zamin yaratishi muqarrar.
Yana bir muhim vazifalardan biri – taʼlimning barcha bosqichlarida xalqaro andazalarga toʻliq javob beradigan axborot texnologiyalari joriy etilishi istiqbol uchun qoʻyilayotgan mustahkam poydevordir.
Oʻtgan yili barcha shahar va tuman markazlarini yuqori tezlikdagi Internetga ulash ishlari yakunlanganini hisobga olgan holda yaqin 2 yilda barcha qishloq va mahallalarni ana shunday tezkor internet bilan taʼminlashdek vazifa turibdi. Xususan, hozirgacha 7 mingdan ortiq sogʻliqni saqlash, maktabgacha taʼlim muassasalari va maktablar yuqori tezlikdagi internetga ulangan boʻlsa, keyingi 2 yilda yana 12 mingta muassasa tezkor internetga ulanadi.
Murojaatnomadan oʻzimiz uchun koʻplab vazifalar belgilab oldik. Undagi ayrim masalalar qalbimizdagi istak boʻlib, uzoq yillardan buyon kutilayotgan islohotlardan xushxabar bersa, koʻtarilgan baʼzi fikrlar biz uchun mutlaqo yangilik sifatida yangradi. Ular faoliyatimizga yangicha ruh bagʻishlashiga, shubha yoʻq.
Asror ESHONXOʻJAYEV,
Axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi