Faol ayollar uchun o‘quv-amaliy seminar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Xotin-qizlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishning dolzarb masalalari” mavzusida o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligidagi o‘quv qo‘mita faoliyatini rivojlantirish, tizimni to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘yish, joylarda xotin-qizlarga oid muammolarni yechish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tayinlangan mas’ul xodimlarning ko‘nikma va malakalarini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norbayeva, Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori A.Bekmurodov, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
[gallery-21374]
O‘quv davomida ishtirokchilarga mahalladagi xotin-qizlar faollarini tanlash, saralash va faoliyati samaradorligini baholash (KPI)tizimi, Oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar, oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Shuningdek, gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalalari, mahalladagi xotin-qizlar faollari lavozimiga ochiq tanlovlar o‘tkazish amaliyoti tahlili yuzasidan taqdimotlar qilindi. Ishtirokchilar uchun zaruriy bilim va ko‘nikmalar berildi.
Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, oldimizda turgan vazifalar mazmun-mohiyati xalqchil tilda yetkazildi. Amaliy mashg‘ulotlarda esa sohada uchrayotgan muammolar turli keyslar asosida, tahlillar bilan tushuntirib berildi.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (suratlar),
O‘zA